1958-yilda AQSHning Ford kompaniyasi benzin o‘rniga atom energiyasidan foydalanadigan avtomobil — Ford Nucleon konsepsiyasini taqdim etdi. Biroq radiatsiyadan himoyalanish, reaktorni sovitish, avariya xavfi va radioaktiv bloklarni almashtirish kabi muammolar sabab loyiha amalga oshirilmadi va ishlaydigan prototip yaratilmay, maketligicha qoldi.
Ford Nucleon’ning 3:8 masshtabdagi ikkita maketi tayyorlangan. Ulardan biri avtomobil shaklini sinash uchun gipsdan, ikkinchisi esa ko‘rgazmalarda namoyish etish uchun shisha tolali plastmassadan yasalgan. Ikkinchi maket hozirgacha saqlanib qolgan va Michigan shtatining Dirborn shahridagi Genri Ford muzeyida namoyish etilmoqda.
Nucleon’da reaktorni avtomobilning orqa qismiga joylashtirish rejalashtirilgan edi. Reaktor issiqlik hosil qiladi, undan bug‘ olinadi va bug‘ turbina orqali avtomobilni harakatga keltirishi kerak bo‘lgan. Reaktor, turbina va boshqa asosiy mexanizmlar orqa g‘ildiraklar orasidagi olinib-taqiladigan Power Cell blokiga joylashtirilishi ko‘zda tutilgan.
Ford hisob-kitobiga ko‘ra, avtomobil bitta Power Cell bilan qariyb 8000 kilometr yurishi, shundan keyin esa blok maxsus stansiyada yangisiga almashtirilishi kerak edi. Xaridorlarga reaktorning tejamkor yoki kuchliroq variantlarini taklif qilish ham rejalashtirilgan.
Loyihaning asosiy muammolaridan biri radiatsiyadan himoyalanish edi. Reaktor ishlayotgan paytda yo‘lovchilarni himoya qilish uchun og‘ir va qalin himoya qatlamlari talab etilardi. Buni Convair NB-36H samolyoti misolida ko‘rish mumkin: uning 1 MVt quvvatli reaktori 16 tonna, ekipajni himoya qiluvchi qo‘rg‘oshin va rezina qobiq esa yana 11 tonna kelgan. Bunday himoyani yengil avtomobilga joylashtirish uning vaznini keskin oshirgan bo‘lardi.
Bundan tashqari, reaktorni benzin dvigateli kabi oddiygina o‘chirib qo‘yishning imkoni yo‘q edi. Yadro reaksiyasi to‘xtatilgandan keyin ham yoqilg‘i ma’lum vaqt issiqlik chiqarishda davom etadi. Shu sabab avtomobil to‘xtaganidan, tirbandlikka tushganidan yoki avariyaga uchraganidan keyin ham reaktorni sovitish tizimi ishlashi kerak bo‘lardi.
Yana bir muammo yo‘l-transport hodisalari bilan bog‘liq edi. Kuchli to‘qnashuv reaktorning himoya qobig‘iga zarar yetkazishi yoki radioaktiv materiallarning sizib chiqishiga olib kelishi mumkin edi. Natijada oddiy avtomobil avariyasi radiatsion xavf tug‘diradigan hodisaga aylanishi ehtimoli mavjud edi.
Har 8000 kilometrdan keyin almashtirilishi kerak bo‘lgan ishlatilgan Power Cell ham alohida muammo bo‘lgan. Bunday blokni oddiy chiqindi sifatida saqlash yoki tashish mumkin emas, buning uchun maxsus himoyalangan infratuzilma talab etilardi.
Shu sabab Ford Nucleon konsepsiyasi amaliy avtomobilga aylantirilmadi. Bugungi kungacha saqlanib qolgan maket esa yadro energiyasi avtomobilsozlik kelajagini qanday o‘zgartirishi mumkinligi haqidagi 1958-yildagi tasavvurning namunasi bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!