Tarixda ilk bor yarador askar dron orqali evakuatsiya qilindi.
U yarim yil davomida evakuatsiya qilinishini kutgan – og‘ir jarohatlari tufayli o‘z oyoqlarini kesib tashlashiga to‘g‘ri kelgan.
Ukraina qurolli kuchlari tarixda ilk bor dron yordamida front chizig‘idagi yarador harbiy xizmatchisining muvaffaqiyatli evakuatsiyasini amalga oshirdi. Reuters agentligi 49 yoshli Konstantin Vlasenkoning qutqarilishi tarixini uning tilidan hikoya qildi.
Konstantin Vlasenko 2025-yil may oyida Xarkiv oblasti Kupyansk yo‘nalishida xizmat qilgan. U va Baski laqabli sherigi front chizig‘idagi xandaqda pozitsiyani ushlab turishgan. Ularga oziq-ovqat va o‘q-dori dron orqali yetkazib berilgan. Ularga boshqa yo‘l bilan ta’minot yetkazishning imkoni yo‘q edi – dushmanning behisob dronlari tufayli front chizig‘idagi har qanday harakatlanish o‘limga olib kelishi mumkin edi, deya qayd etadi Reuters.
2025-yil kuzida ularni rotatsiya qilish vaqti keladi, ammo ularning o‘rnini egallash uchun yo‘l olgan ikki jangchi pozitsiyaga yetib bormasdan dronlar zarbasiga uchraydi. Shundan keyin jasadlarni olib kelish uchun jo‘natilgan yana ikki jangchi ham halok bo‘ladi. Vlasenkoning hikoya qilishicha, o‘shanda u «bu yerdan tirik chiqib bo‘lmaydi» deya o‘ylay boshlagan.
Fevral oyi o‘rtalarida, okopda o‘tgan 10 oydan keyin Vlasenko va Baski pozitsiyasini tashlab chiqishiga to‘g‘ri keladi, chunki okopni suv bosadi va ular vayron bo‘lgan maktab binosiga ko‘chib kirishadi. Ammo dron orqali tashlangan yegulik va kiyimlarni olish uchun tashqariga chiqishganida, ularni Rossiya razvedka droni payqab qoladi. Shundan keyin bu yerga boshqa bir dron uchib kelib, pozitsiyaga zarba beradi, o‘sha kuni 50 yoshini nishonlashi kerak bo‘lgan Baski darhol halok bo‘ladi.
Vlasenkoning chap oyog‘ining kaft qismi majaqlanib ketadi, o‘ng oyog‘i esa sinib, teskari bo‘lib qolgandi. U o‘zi uchun pana joy topib, u yergacha sudralib borishga muvaffaq bo‘ladi – bu maktabni isitish uchun mo‘ljallangan metall kotyol ostidagi taxminan 80 ga 60 santimetr o‘lchamdagi chuqurcha edi.
Videoni ochish
Vlasenkoning hikoya qilishicha, uning chap oyog‘i asta-sekin «chiriy boshlaydi», o‘ng oyog‘ining boldir qismida esa suyagi tashqariga chiqib qolgandi – va u ikkala oyog‘ini ham kesib tashlashga qaror qiladi. «Men ularni amputatsiya qilishga majbur bo‘ldim, chunki baribir shunchaki sudralib yurardim. Suyak borgan sari bo‘rtib chiqayotgandi», – degan u.
Vlasenko «umidini yo‘qota boshlaganida», uning komandirlari evakuatsiya yo‘lini izlay boshlaydi, deya yozadi Reuters. Dushman dronlari tufayli uni zirhli texnikada olib ketib bo‘lmasdi, shuning uchun, avvaliga uni quruqlikda harakatlanuvchi robotlashtirilgan platforma orqali evakuatsiya qilmoqchi bo‘lishadi – ammo Rossiya dronlari bunday qurilmalardan ikkitasini Vlasenkoning oldiga yetib bormasidan yo‘q qiladi.
Shundan keyin qo‘mondonlik 90 kilogrammgacha yuk ko‘taruvchi va bu yuk bilan 25 kilometr masofani bosib o‘tuvchi yangi og‘ir dronni sinab ko‘rishga qaror qiladi. Bu parametrlar evakuatsiya uchun mos keladi: zobitlarga ko‘ra, Vlasenko front chizig‘ida o‘tgan bir yil ichida vazn yo‘qotgan va uning vazni 70 kilogrammga tushgandi, u turgan joydan xavfsiz front orti hududigacha masofa esa 15 kilometr chiqardi.
Evakuatsiya oktabr oyi boshida amalga oshirilgan. Bir kun oldin Vlasenkoga posilka orqali kerakli anjomlar va qanday harakat qilish kerakligi o‘rgatilgan videorolik saqlangan telefon yetkazilgan.
Evakuatsiya vaqtida dron Vlasenko bilan 70 metr balandlikka ko‘tarilgan. Uning atrofida Rossiya dronlarini chalg‘itib turishi kerak bo‘lgan yana uchta kichik dron hamrohlik qilgan. Yana to‘rtta FPV-drondan iborat bo‘linma, samolyot tipidagi dronlar hamda artilleriya kuchlari esa evakuatsiyadan oldin va evakuatsiya vaqtida yaqin atrofdagi Rossiya dron operatorlari pozitsiyalari bo‘ylab tinimsiz zarbalar bergan.
Parvoz 15 daqiqa davom etgan. «Men o‘rmonning qayerigadir yiqilishdan qo‘rqmadim, ammo suvga yiqilishdan qo‘rqdim, chunki suza olmasdim», – deya hikoya qiladi Vlasenko. Hozirda u Xarkivdagi shifoxonada reabilitatsiya jarayonini o‘tamoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!