Kollagen tanamizda ko‘p bo‘lishiga qaramay, bo‘g‘inlar va terining salomatligini yaxshilash uchun eng ko‘p sotiladigan qo‘shimchaga aylandi. Sotib olishdan oldin kollagen qo‘shimchalari haqida bilishingiz kerak bo‘lgan ko‘p narsalar mavjud.
Kollagen qo‘shimchalari odatda hayvonlarning suyaklari, terisi va biriktiruvchi to‘qimalaridan olinadi, ammo kollagenning ba’zi vegetarian manbalari ham mavjud. “Gidrolizlangan kollagen” (suv bilan reaksiyaga kirishadigan) yoki “Kollagen peptid” (bir zanjir bilan bog‘langan ikki yoki undan ko‘p aminokislotadan iborat birikma) deb nomlanuvchi kollagen qo‘shimchalarining ko‘pchiligi, odatda, kukunlar, tabletkalar va ma’lum oziq-ovqatlarda mavjud – tuxum, baliq tangachalari, qoramol suyaklari va teri kabi hayvonlarning ma’lum bir qismlaridan olinadi.
Agar vegetarian bo‘lsangiz yoki tuxum yoki baliqqa allergiyangiz bo‘lsa, sotib olish qaroringizni qayta ko‘rib chiqing. Gidrolizlangan kollagen kollagenning parchalangan shakllari bo‘lib, u oziq-ovqat va ichimliklarda oson eriydi. Ushbu qo‘shimchalar aminokislotalarni (oqsilning qurilish bloklari) o‘z ichiga oladi va, shuningdek, teri hamda bo‘g‘imlarning salomatligi uchun foydali bo‘lgan qo‘shimcha oziq moddalarga ega bo‘lishi mumkin.
Biroq “Gidrolizlangan kollagen”ning qiyin tomoni shundaki, siz savdoda mavjud bo‘lgan kollagen kukunlarida qaysi turdagi kollagen borligini bila olmaysiz. Shunday qilib, bo‘g‘imlar va terining sog‘lig‘ini yaxshilashga yordam beradigan to‘g‘ri kollagen qo‘shimchasini, agar u alohida aytib o‘tilmagan bo‘lsa, aniqlay olmaysiz.
Yana bir afsona shuki, qabul qilingan kollagen qo‘shimchalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘g‘imlar va teringizni yaxshilash uchun ketadi. Buning o‘rniga, kollagen ovqat hazm qilish jarayonida uning qurilish bloklarini parchalaydi. Kollagen mahsulotlari, shuningdek, bir nechta teri muammolari uchun mo‘jizaviy davo sifatida e’lon qilinadi.
Kollagen tabiiy ravishda terining tashqi qatlamlarida emas, balki chuqurroq qatlamlarda mavjud. Teri kremlaridan olingan kollagen tolalari terining tashqi qatlamlari orqali singib ketish uchun juda kattalik qiladi. Hatto, peptidlar kabi qisqaroq kollagen zanjirlari ham terining tashqi qatlamlari orqali o‘tolmaydi, bu esa kollagen mahsulotlarining terini davolovchi mo‘jiza ekanligi haqidagi balandparvoz da’volarni yo‘qqa chiqaradi.
Sintetik kollagenli teri kremlari ish berishi mumkin, chunki u terining himoya to‘sig‘i sifatida suv yo‘qolishini kamaytirish uchun teringizda plyonkaga o‘xshash qatlam hosil qiladi. Biroq buni hali ham kollagenga boy oziq-ovqatlar bilan sog‘lom ovqatlanish va terining sog‘lig‘i uchun quyoshdan himoyalovchi vositalardan foydalanish bilan taqqoslab bo‘lmaydi.
Xalqaro dermatologiya jurnalida chop etilgan 19 ta tadqiqotni o‘z ichiga olgan keng qamrovli meta-tahlilga ko‘ra, gidrolizlangan kollagen qo‘shimchasi fibroblastlarni yoki kollagen ishlab chiqaruvchi hujayralarni rag‘batlantiradi hamda terining namlanishi, elastikligini yaxshilaydi va ajinlarni kamaytiradi.
Boshqa tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, kollagen qo‘shimchalari bo‘g‘imlarning harakatchanligini yaxshilaydi va bo‘g‘imlarning og‘rig‘i, qattiqligi, shishishi, nozikligi va hatto osteoartritni kamaytiradi.
Ammo kollagen qo‘shimchalari bo‘yicha tadqiqotlar haqida bir “achchiq” haqiqat bor. Bugungi kunga qadar kollagen qo‘shimchalari bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlarning aksariyati ulardan foyda ko‘rishi mumkin bo‘lgan tegishli sohalar tomonidan to‘liq yoki qisman moliyalashtirilgan. Shunday qilib, siz uning xavfsizligiga hech qachon ishonch hosil qila olmaysiz va faqat ishlab chiqaruvchining aytganlariga ishonishingiz mumkin.
Kollagen qo‘shimchasini qabul qilish uzoq muddatda bo‘g‘imlar va teri muammolariga ham zarar yetkazishi mumkin, bu esa noto‘g‘ri ovqatlanish, uyqu hamda turmush tarzi odatlari uchun bahona bo‘lib xizmat qiladi.
Har qanday kollagen qo‘shimchasi yuqori sifatli, sog‘lom oziq-ovqatdan olingan foydali protein o‘rnini bosa olmaydi. Agar siz allaqachon sog‘lom va muvozanatli dietada bo‘lsangiz, sizga birinchi navbatda, qo‘shimchalar kerak emas, chunki tanangiz tabiiy ravishda yetarli miqdorda kollagen hosil qiladi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!