AQSh sobiq prezidenti Bill Klinton 27-fevral kuni AQSh Kongressi Vakillar palatasining Nazorat qo‘mitasiga ko‘rsatmaga berish uchun bordi. U marhum moliyachi va pedofil Jeffri Epshteyn bilan aloqalari haqida gapirdi. Uning rafiqasi Hillari Klinton bilan bo‘lgani kabi, qo‘mita yig‘ilishi yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tdi. BBC xabariga ko‘ra, eshituvlar boshlanishi bilan bir vaqtda Klinton ijtimoiy tarmoqda kirish bayonotini e’lon qildi.
“Garchi Epshteyn bilan qisqa muddatli tanishuvimiz uning jinoyatlari ma’lum bo‘lishidan bir necha yil oldin to‘xtagan bo‘lsa-da va bizning cheklangan muloqotimiz davomida aslida sodir bo‘lgan voqealarning hech birini ko‘rmagan bo‘lsam-da, men bu yerga o‘zim bilgan ba’zi narsalarni aytib berish uchun keldim”, — degan Bill Klinton.
“Men Epshteyn tomonidan sodir etilgan jinoyatlar haqida hech qanday tasavvurga ega emasdim. Men nimani ko‘rganimni bilaman, eng muhimi – nimani ko‘rmaganimni. Men nima qilganimni bilaman, undan ham muhimi – nima qilmaganimni. Men hech narsani ko‘rmadim va hech qanday yomon ish qilmadim”, — deya qo‘shimcha qilgan u.
AQSh sobiq prezidenti, shuningdek, rafiqasi Hillarining Epshteyn bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini va hatto u bilan uchrashgan-uchrashmaganini ham eslay olmasligini ta’kidlagan.
Bill Klintonning rafiqasi Hillari 26-fevral kuni Kongressda ko‘rsatma berdi. U kirish so‘zida qo‘mitani shaffoflik yo‘qligi uchun tanqid qilib, uni noxolislikda ayblagan, shuningdek, Donald Trampni ko‘rsatma berish uchun chaqirishni talab qilgan. Na Hillari, na Bill Klintonga Epshteyn ishi bo‘yicha hech qanday ayblov qo‘yilmagan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!