6–8-oktabr kunlari Turkmanistonning Avaza shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining urug‘chilik masalalari bo‘yicha Hukumatlararo muvofiqlashtiruvchi kengashining 27-yig‘ilishi va xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining agrar rivojlanish masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi Shuhrat G‘aniyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi.
Yig‘ilishda MDH davlatlari o‘rtasida agrar sohadagi hamkorlikni rivojlantirish, seleksiya va zamonaviy urug‘chilik tizimlarini takomillashtirish, 2027–2028-yillarga mo‘ljallangan qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari va ko‘chatlarini davlatlararo ixtisoslashtirish hamda yetkazib berish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir davomida iqlim o‘zgarishiga moslashish, qurg‘oqchilik va kasalliklarga chidamli, yuqori hosildor navlarni yaratish va joriy etish, urug‘chilik sohasini raqamlashtirish hamda sifat nazoratini kuchaytirish bo‘yicha tajriba almashildi. Shuningdek, urug‘chilik va seleksiya sohasidagi davlatlararo integratsiyani mustahkamlash, milliy urug‘chilik tizimlarini rivojlantirish hamda o‘zaro tajriba almashishga e’tibor qaratildi.
Shuhrat G‘aniyev Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari Tangriguli Ataxalliyev bilan yuqori hosildor qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘larini eksport qilish, yangi navlarni o‘zaro sinovdan o‘tkazish va ilg‘or tajribalarni almashish masalalarini muhokama qildi. Tojikiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Ziyozoda Sulaymon Rizoyi bilan esa urug‘chilik sohasidagi hamkorlikning amaliy mexanizmlari, O‘zbekistonda erishilgan qishloq xo‘jaligi yutuqlari va yangi agrotexnologiyalarni Tojikistonga transfer qilish masalalari kelishib olindi.
Tadbirda O‘zbekistonning MDH mamlakatlari bilan urug‘chilik sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi ham e’tirof etildi. Shuhrat G‘aniyevga davlatlararo aloqalarni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun MDH Hukumatlararo muvofiqlashtiruvchi kengashining Faxriy yorlig‘i topshirildi.
Shuningdek, «Uzbek seeds» milliy brendi ostida mahalliy urug‘lik materiallari eksportini kengaytirish, urug‘chilik tizimini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish va raqamli texnologiyalardan foydalanish istiqbollari muhokama qilindi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!