Bugun, 10-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki prezidenti Szou Szyai boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuv avvalida mamlakatimiz yetakchisi ushbu nufuzli ko‘p tomonlama moliyaviy institut rahbarini lavozimga kirishgani bilan samimiy tabrikladi.
O‘zbekistonning Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan strategik sherikligini kengaytirishning amaliy masalalari atroflicha muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda bank bilan ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanmoqda. Amaldagi va istiqbolli qo‘shma loyihalar portfeli 7 milliard dollardan oshdi. O‘tgan yilning o‘zida moliyalashtirish hajmi 1 milliard dollardan ziyodni tashkil etdi.
O‘zbekiston Prezidenti xususiy sektor, ayollar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ishlab chiqish va ilgari surish, kambag‘allikni qisqartirish dasturini amalga oshirishga ko‘maklashish, muqobil energetika, energiya samaradorligi, suv ta’minoti, ijtimoiy xizmatni rivojlantirish kabi ustuvor sohalarda samarali hamkorlikni kengaytirish zarurligini qayd etdi.
OIIBning mintaqaviy ahamiyatga ega yirik infratuzilmaviy loyihalarda faol ishtirok etishi muhimligi ta’kidlandi.
O‘z navbatida, Szou Szyai mamlakatimizdagi o‘zgarishlar ko‘lamini yuqori baholab, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar dasturini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda davom etishga tayyorligini bildirdi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!