Toshkent hayvonot bog‘ida onasi tomonidan ayiq qafasiga tashlangan 3 yoshli qiz haqida qo‘shimcha ma’lumot berildi. Bu haqda hayvonot bog‘i matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, hozirda qiz Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida davolanmoqda. Kasalxonaga olib kelinishi bilan qiz Bolalar jarohatlari xirurgiyasi va neyroxirurgiyasi bo‘limiga joylangan va u yerda tinimsiz shifokorlar nazorati ostida bo‘lgan. Bo‘limda bir kunini o‘tkazgan 3 yoshli qiz intensiv terapiya xonasiga o‘tkazilgan.
“Ayni damda qizaloq intensiv terapiya xonasida va uning holati turg‘un deb baholanmoqda. Dinamikada nazorat ko‘rigi o‘tkazildi. Qizaloq kelajakda ushbu hodisa asoratlaridan aziyat chekmasligi uchun biz bor imkoniyatni ishga solyapmiz”, – deydi davolovchi shifokor va tibbiyot fanlari nomzodi Sobir Nasimov.
“Qizaloqning kayfiyati yaxshi, u hamshiralarga she’rlar aytib, ularning ko‘nglini ko‘tarmoqda, biz esa o‘z navbatida, uni sovg‘alar bilan quvontirdik. Qo‘shimcha ravishda qizaloq va uning akasiga Toshkent hayvonot bog‘iga bir umr bepul kirish imkoniyatini ta’minlashga qaror qildik”, – deyiladi bog‘ matbuot xizmati xabarida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent hayvonot bog‘ida ayol kichkina qizni ayiqlar qafasiga tashlagani haqida xabar berilgandi. Shundan so‘ng ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shahar Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi qiziga nisbatan jinoyat sodir etgan ayol haqida ma’lumot bergandi. Keyinchalik ayol bolasini qanday qilib ayiq qafasiga tashlangani ko‘rsatilgan video e’lon qilingandi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!