O‘zbekiston Respublikasi IIV, TIV xodimlari ko‘magida Toshkent xalqaro aeroportiga Rossiya Federatsiyasida qarovsiz qolgan 13 yoshli qizaloq olib kelindi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, qiz 6 yoshida onasi bilan birga Rossiya Federatsiyasiga doimiy yashash uchun ko‘chib ketgan. Shundan so‘ng, qiz va uning onasi yillar davomida turli qiyinchiliklarga duch kelgan. Onasining hayoti yangi joyda o‘nglanmagani sababli na uy-joy, na doimiy ish topilgan.
Eng achinarlisi esa qiz shu vaqtgacha maktab ta’limiga jalb qilinmagan.
Bu holat natijasida qiz uzoq vaqt davomida nazoratsiz qolgan va mahalliy politsiya reydi davomida reabilitatsiya markaziga joylashtirilgan.
Kecha, 19-noyabr kuni xalqaro kelishuvlar asosida, Moskva viloyati Sergiyev Posaddagi “Nadejda” ijtimoiy markazi xodimlari kuzatuvida, tungi reys orqali qiz O‘zbekistonga qaytarilgan.
Qizning qaytarilishidan oldin, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hududiy boshqarmasi uning xavfsizligi va farovonligini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘rgan. Jumladan, qizchani vaqtincha qabul qilib oladigan va uni ta’limga yo‘naltirish bilan shug‘ullanadigan oila tayyorlangan. Bu oila qizaloq onasi bilan qayta ko‘rishgungacha unga g‘amxo‘rlik qilishi belgilangan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!