Toshkent shahrida transport harakatini yanada samarali tashkil etish va haydovchilar uchun ortiqcha vaqt hamda masofa sarfini kamaytirish maqsadida Abdulla Qodiriy ko‘chasida yangi burilish joyi tashkil etildi. Toshkent shahri Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lum qilishicha, mazkur hududda harakat sxemasi qayta ko‘rib chiqilib, haydovchilar ehtiyojidan kelib chiqqan holda o‘zgartirishlar kiritildi.
Avval Ekopark tomonidan harakatlanayotgan haydovchilar Movarounnahr va Mahatma Gandi ko‘chalari tomon qayrilish uchun ruxsat etilgan joygacha 2 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tishlariga to‘g‘ri kelardi. Bu esa vaqt yo‘qotilishiga va ayrim hollarda transport oqimining ortishiga sabab bo‘lardi.Yangi tartibga ko‘ra, qayrilish imkoniyati to‘g‘ridan to‘g‘ri Abdulla Qodiriy ko‘chasining o‘zida yaratildi. Natijada haydovchilarning ortiqcha harakatlanish masofasi qariyb to‘rt baravar qisqarib, taxminan 500 metrni tashkil etadi.
Mutaxassislar fikricha, mazkur yangilik nafaqat haydovchilar uchun qulaylik yaratadi, balki shahar ko‘chalarida transport harakatini tartibga solish, tirbandliklarni kamaytirish va yo‘l infratuzilmasidan samarali foydalanishga ham xizmat qiladi.Yo‘l harakatini tashkil etish markazi kelgusida ham poytaxtning turli nuqtalarida transport oqimini tahlil qilish asosida harakat sxemalarini takomillashtirish ishlari davom ettirilishini ma’lum qildi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!