O‘zbekistonning Istanbul shahridagi bosh konsulxonasi o‘zbekistonliklarni ish taklif qiluvchi firibgarlar aldovidan ogohlikka chaqirdi.
“So‘nggi paytlarda ayrim firibgar shaxslar O‘zbekiston fuqarolariga Turkiyada yuqori maoshli ish taklif qilib (asosan fuqarolarning tanish-bilishlari orqali), ularni aldash holatlari ko‘paymoqda. Ushbu shaxslar ishga joylashish, uy-joy va qonuniy hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha yolg‘on va’dalar berib, vatandoshlarimizni og‘ir ahvolga solmoqda.
Agar siz noqonuniy mehnat faoliyatini boshlasangiz yoki firibgarlar tomonidan aldansangiz, quyidagi muammolarga duch kelishingiz mumkin:
– Ish haqi va’da qilinganidan ancha kam to‘lanishi yoki umuman berilmasligi;
– Ish sharoitlari og‘ir yoki yomon bo‘lishi;
– Ish beruvchi tomonidan noqonuniy ekspluatatsiya va haqorat;
– Turkiyada noqonuniy mehnat qilish oqibatida deportatsiya va jarimalar;
– Turkiyaga kelganingizdan so‘ng, aeroportda kutib olish va’da qilinib, pulingiz o‘zlashtirilgandan keyin vositachining g‘oyib bo‘lishi.
Yuqoridagi holatlarda vatandoshlarimiz va ish taklif qilgan shaxslar o‘rtasida hech qanday rasmiy hujjat mavjud bo‘lmaganligi sababli, firibgarlarni javobgarlikka tortish juda qiyin bo‘ladi.
Turkiyada ishlash uchun chet ellik fuqarolar maxsus ruxsatnoma – ish ruxsatnomasiga (Çalışma İzni) ega bo‘lishlari shart!
Ish izlash uchun faqatgina O‘zbekiston Respublikasi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi (www.migration.uz) (http://www.migration.uz/) yoki litsenziyaga ega rasmiy agentliklarga murojaat qiling!
Turkiyaga noqonuniy yo‘llar bilan kelmang va ishonchsiz shaxslarga pul bermang!
Ish sharoitlari, ruxsatnomalar va maosh bo‘yicha rasmiy hujjat talab qiling!
O‘zingiz va yaqinlaringizni firibgarlardan ehtiyot qiling! Ishga faqat rasmiy yo‘llar bilan joylashing!”, – deyiladi konsulxona murojaatida.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!