O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Toshkent shahar bolalar ko‘p tarmoqli shifoxonasini tashkil etish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashga mo‘ljallangan maxsus “Zangiota-2” shifoxonasining bo‘sh turgan bino va inshootlaridan samarali foydalanish hamda 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun zamonaviy, yuqori texnologik, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Toshkent shahar hokimligining “Toshkent” MFY Yangi aylanma yo‘li manzilida joylashgan “Zangiota-2” shifoxonasi o‘rnida Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan davlat muassasasi shaklidagi 500 o‘rniga mo‘ljallangan Toshkent shahar bolalar ko‘p tarmoqli shifoxonasi tashkil etiladi.
“Zangiota-2” shifoxonasining bino va inshootlari tegishli hududi bilan Bolalar shifoxonasiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul beriladi.
Shifoxonaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat bo‘ladi:
— 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarda zarur tibbiy tekshiruvlarni o‘tkazish, ularga yuqori malakali tibbiy-konsultativ hamda ixtisoslashtirilgan statsionar yordamini ko‘rsatish;
— tuman tibbiyot birlashmalariga amaliy-metodik yordam berish;
— Toshkent shahar tibbiyot muassasalari amaliyotiga zamonaviy tibbiyot texnologiyalari va boshqaruv usullarini joriy etishda ko‘maklashish;
— tibbiyot xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishda ishtirok etish.
Shuningdek, 2024-yil 1-sentyabrga qadar Bolalar shifoxonasining bino va inshootlarida zarur qurilish hamda ta’mirlash ishlarini amalga oshirilib, bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatishga moslashtiriladi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!