Sharf kuz-qishda eng chiroyli va issiq tutuvchi aksessuardir. U insonning yaxlit obraziga ko‘rk bag‘ishlashi uchun to‘g‘ri va chiroyli o‘ralishi kerak.
Sharf Qadimgi Xitoyda, sovuq va shamoldan himoyalanish maqsadida yaratilgan. Bir necha ming yillardan beri ushbu aksessuar turi nafaqat sovuqdan himoyalovchi vosita, balki moda olamining tarkibiy qismi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Uzun, kalta, qalin, yupqa, gulli, gulsiz – sharflarning turlari juda ko‘p. Ulardan qay birini tanlashingizdan qat’i nazar, to‘g‘ri o‘rashni bilishingiz kerak. U bilan ayol zamonaviy va jozibador ko‘rinadi.
Quyida sharf o‘rashning eng oson va chiroyli usullari haqida ma’lumot beriladi.
1-usul
Bu usulda sharf o‘rash ko‘p vaqtni olmaydi. Bir necha daqiqaning o‘zida kundalik obrazingizni “jonlantirasiz”.
• Sharfni bo‘yinga shunday tashlab qo‘yingki, u bo‘yin atrofida yengil osilib tursin. Sharfning ikkala uchi ortda qoldiriladi.

• Uzun sharf bo‘yin orqasida kesishadi, ikkala uchi old tomonda, yon tomondan tushirib qo‘yiladi.

• Sharf suratda ko‘rsatilganidek sirtmoq holatda bog‘lanadi.

• Aylanaga sharfning ikkala uchi kiritiladi.

• So‘ng “sirtmoq” tortiladi va bo‘yinbog‘ shaklidek chiroyli qilib tekislanadi. Qarabsizki, bo‘yinda chiroyli bog‘langan sharf osilib turibdi.

2-usul
Bu barcha usullar orasida eng originali hisoblanadi. Bunday bog‘langan sharf atrofdagilarning diqqatini tortadi.
• Uzun sharf olinadi, ikkiga bo‘lib taxlangancha bo‘yinga tashlab qo‘yiladi.

• Sharfning bir uchi buklangan qismning ichidan o‘tkaziladi.

• So‘ng sharfning ikkala uchi birga, bir yerda kesishadi va shu holda bog‘lanadi.

• Sharf uchlari yana kesishtiriladi va biri tugunning ostiga kiritiladi. Shu holatda siz sharfdan o‘rim hosil qilasiz.

• O‘rim davom ettiriladi va sharf uchidagi ipchalar ham mayda tugun holatiga keltiriladi. Mana, siz uzun sharfni qanday qilib qisqagina o‘rash sirini bilib oldingiz...

3-usul
Sharfni chiroyli qilib o‘rashni o‘rganishni istasangiz, quyidagi ko‘rsatmalarga diqqat qiling.
• Ikkiga buklangan sharf bo‘yinga tashlanadi.

• Sharf uchlaridan biri buklangan qismidan o‘tkaziladi.

• Ikkala uchi bir nuqtada kesishadi va shundan so‘ng tugun holida bog‘lanadi. Tugun xuddi suratda ko‘ringani kabi bog‘lanishi kerak.

• Sharfning uzun qismi sirtmoqning biridan rasmda ko‘rsatilgani kabi o‘tkaziladi. Kalta qismiga tegilmaydi.

• Oxirida sharfni o‘zingiz istagandek bog‘lashingiz mumkin. Burmalar tekislanadi.

4-usul
• Bu usulda sharf o‘rash juda oson. Sharf bo‘yinning orqa tomonida kesishadi va ikki uchi oldga, yon tomondan tushiriladi. Ana shu ikki uchning har biri ikki martadan bo‘yin oldida hosil bo‘lgan halqadan aylantiriladi. Pastga tushgan sharf shokilalarini istasangiz yon tomonga surishingiz yoki o‘rtada qoldirishingiz mumkin.

Nargiza Utepova tayyorladi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!