Suvda qaynatilgan, chala pishirilgan tuxum... Biz har kuni tuxumni turlicha tarzda pishirib iste’mol qilamiz. Ammo tuxum salomatlikka foyda qilishi uchun ushbu mahsulotni qay holatda pishirib yeyish kerak? Tuxum tarkibida Ye, S, D, A, K, RR kabi vitaminlar, sink, yod, kalsiy kabi mikroelementlar va miya faoliyati uchun juda muhim bo‘lgan letisin moddasiga boyligi bilan juda qadrlidir.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tuxum ilgari xomligicha iste’mol qilingan ekan. Tuxumni xomligicha yutish qadimgi Rimdan kirib kelgan. Ammo vaqt o‘tib tuxumni xomligicha muntazam iste’mol qilish o‘zini oqlamagan. Ya’ni, uni xomligicha iste’mol qilish oqibatida inson organizmiga turli bakteriyalar tushishi, qiyin hazm bo‘lishi kabi salbiy holatlar yuzaga kelgan. Shundan so‘ng tuxumni suvda qaynatib yoki chala pishgan holda iste’mol qilish “urfga” kirgan. Mutaxassislar tuxumni iste’mol qilishda ham me’yorni unutmaslik kerakligini ta’kidlashadi. Ya’ni, uni ko‘p yeyish organizmda xolesterin yig‘ilishiga va xolesterinli qon laxtalari paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Uning bu zararli xususiyati tuxumni yog‘da noto‘g‘ri qovurish bilan bog‘liq.
Tuxumni yog‘da ko‘p qovurish uning xolesterin va kanserogen moddalari bilan “boyishiga” sabab bo‘ladi. Agar siz tuxumni yog‘da qovurib yeyishni xush ko‘rsangiz, uni o‘simlik yog‘ida qovurgan ma’qul. Chunki undagi oqsil 60 daraja issiqlikda parchalana boshlaydi.
Tuxumni chala pishirib yeyish
Tuxumni taxminan 3 daqiqa davomida pishirish uning chala pishishi hisoblanadi. Bu holda tuxum biroz suyuq bo‘ladi. Tuxumni bu holatda pishirib iste’mol qilish barchaga birday foydalidir. Uning quvvatlilik miqdori 150 kkalni tashkil etadi va shu sabab parhez uchun juda mos keladi. Bunday pishgan tuxum tarkibidagi foydali moddalar o‘z holicha saqlanadi. Undagi foydali aminokislotalar organizmni erta tongdanoq quvvat bilan boyitishi sababli uni nonushtaga iste’mol qilish tavsiya etiladi.
Tuxumni suvda qaynatib yeyish
Tuxum suvda mazali bo‘lib pishishi uchun uni 8 daqiqadan ko‘p ham, kam ham qaynatmaslik kerak. Tuxumni uzoq muddat suvda qaynatish foydali hisoblanmaydi. Chunki bu ta’m buzilishiga va unda zararli moddalar hosil bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Ba’zida tuxumni suvda pishirishda uning darz ketganligiga ham guvoh bo‘lamiz. Bu yoqimsiz holatdan qochish uchun suvga bir chimdim tuz solib yuboring. Shuningdek, tuxumni baland olovda qaynatish ham tavsiya etilmaydi. Suvda qaynatib pishirilgan tuxumning kaloriyalilik miqdori 160 kkalni tashkil etadi. Suvda pishirilgan tuxum tarkibida barcha foydali moddalar saqlanadi. Shuning uchun mutaxassislar uni suvda qaynatib iste’mol qilishni tavsiya etishadi. Sog‘lom inson uchun kuniga 1-2 dona tuxum me’yor hisoblanadi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!