Bundan 90 million yil ilgari sayyoramiz butkul o‘zgacha ko‘rinishda bo‘lgan. Bo‘r davrida Yer yuzida ulkan dinozavrlar sayr qilib yurgan, vulqonlar esa bugungidan ancha tez-tez va shiddat bilan otilgan. Vulqon otilishidan atmosferaga juda ko‘p miqdorda bug‘ va is gazi ko‘tarilib, issiqxona effektini hosil qilgan. Bug‘langan suv va is gazi sayyoramiz yuzasini plastik paket kabi qoplab, Yerga tushayotgan Quyosh nurini qaytarishga yo‘l qo‘ymagan. Natijada sayyoramizda har doim iliq havo hukmronlik qilgan. Hatto Yerning eng sovuq nuqtasi Antarktidada ham o‘rtacha harorat Selsiy shkalasi bo‘yicha 13 darajani tashkil qilgan. Demak, o‘sha payti bu qit’ada hozirgidek ko‘p miqdorda qor va muz bo‘lmagan. Antarktida bo‘r davrida tropik o‘rmon bo‘lgan, degan taxminlar ham mavjud.

Dinozavrlar davridagi Antarktida
Dinozavrlar davrida Antarktidada iliq daryolar va baland bo‘yli o‘simliklar o‘sgani haqida olimlarda yetarli ma’lumotlar mavjud. 2017-yil Germaniyaning “Polarshtern” nomli ilmiy-tadqiqot kemasi hozirda muzliklar bilan qoplangan Amundsen daryosini tubigacha parmalash uchun jo‘natildi. Ular shu tariqa bo‘r davriga oid biror o‘simlikni topishga umid qilishgandi. Muzyorar kema daryo tubiga 30,7 metrgacha tushgach, 88 millionga kirib qolgan kernni qo‘lga kiritishdi. U aynan bo‘r davriga oid ekanligi olimlarni qiziqtirib qo‘ydi.
Kern – bu, yer yuzidagi chuqur teshikdan qazib olingan tog‘ jinsi namunasi. Topilgan materialni o‘rganish orqali olimlar o‘sha paytdagi iqlimni aniqlab, qadimgi o‘simlik turlarini tanib olishlari mumkin bo‘ldi.

Antarktidadagi qadimgi o‘simliklar
Qadimgi tog‘ jinsini o‘rganish davomida professor Iogan P.Klages boshchiligidagi olimlar unda o‘simlik qoldiqlari va changini topishga muvaffaq bo‘ldilar. Ushbu zarralarni zamonaviy o‘simliklar ildiz va gulchanglari bilan taqqoslab, qadimgi Antarktida hududida ignabargli daraxtlar, fern va hatto gulli o‘simliklar o‘sganligini bilib oldilar. Hozirgi vaqtda ishonch bilan aytishimiz mumkinki, 90 million yil oldin Antarktidada quyidagi o‘simliklar mavjud bo‘lgan:
• ignabargli daraxtlar turkumiga kiradigan “Podocarpaceae” o‘simligi. U hozirgi kunda Janubiy Amerika hamda Afrikada uchraydi;
• “Araucariaceae” oilasiga kiruvchi ignabargli daraxt. Uni Avstraliya hamda Yangi Gvineyadan topish mumkin;
• hozirda 514 turni o‘z ichiga olgan “Cyatheaceae” oilasiga mansub o‘simliklar;
• “Buprea” gulli o‘simliklari – ularning eng yaqin qarindoshlari hozir Afrikada o‘sadi;
• ignabargli “Podocarpaceae”, “Cyatheaceae” paporotnigi.

Qadimgi Antarktida iqlimi
Demak, bundan million yil avval Antarktida quyuq yashil o‘t-o‘lanlar bilan qoplangan ekan. Olimlar o‘rmon oralig‘ida daryolar ham oqib turganini ta’kidlashmoqda. Axir daraxt va o‘simliklar nimadandir suv ichishi kerak-ku. Garchi hammayoq yam-yashil, o‘t-o‘lanlar bilan qoplangan bo‘lsa-da, havoning o‘rtacha harorati 13 darajadan oshmagan. Faqat yoz oylarida havo harorati 18,5 darajagacha qizib ketishi mumkin edi. Bundan tashqari, qadimgi Antarktidada yomg‘irlar tez-tez yog‘ib turgan. Yog‘inlarning o‘rtacha ko‘rsatkichi 1120 millimetrni tashkil qilgan. Hatto zamonaviy Moskvada ham yil bo‘yi 707 millimetr yomg‘ir yog‘adi.
Atrofdagi vulqonlar hosil qilgan issiqxona effektiga qo‘shilib Antarktidada o‘sadigan daraxtlar ham havo harorati ko‘tarilishiga yordam bergan. Gap shundaki, zich o‘simliklar quyosh nurlarini Yer yuzidan chiqishiga imkon bermagan va Antarktidadagi o‘rmon hududlari issiqlikni o‘zida saqlab qolgan. Sayyoramizdagi o‘rmon, suv, qum, qor va boshqa sirtlarning quyosh nurini aks ettirishi fan tilida albedo, deb ataladi. O‘simlik o‘rmonlari past albedoga ega, shuning uchun ular to‘plangan joylarda iqlim nisbatan issiq. Qor va muz baland albedoga ega, shuning uchun zamonaviy Antarktida juda ko‘p quyosh nurini aks ettiradi, issiqlikni saqlamaydi va juda sovuq joy.
Hozir Antarktidada pingvinlar va qutb tadqiqotchilarigina yashaydi. Bu yerda bir vaqtlar dinozavrlar yashagani ham aniq emas, chunki ularning suyaklari qalin muz qatlami ostida qolib ketgan (agar bor bo‘lsa).

Antarktidada o‘rmonlar bir necha o‘n million yillar oldin mavjud bo‘lgan va 70 million yil avval g‘oyib bo‘lgan. Keyin sayyoramizdagi materiklar joylashuvi o‘zgara boshladi va bu vulqonlarning faolligiga ta’sir qildi. Vulqon faolligidagi o‘zgarishlar, dengiz sathining ko‘tarilishi va boshqa ko‘plab yangiliklar natijasida sayyoramizdagi havo harorati pasaya boshladi va ayrim joylarda -45 darajagacha yetdi.
Biroq bugungi kunga kelib, muzli qit’ada g‘alati hodisa yuz bermoqda. Yaqinda uning ba’zi joylarida havo harorati xuddi dinozavrlar davridagi kabi 18,3 darajagacha ko‘tarildi. Iqlim o‘zgarishi Antarktida qiyofasini o‘zgartirmoqda va endi uni sayyoramizdagi tiniq oq nuqta deb atash mumkin emas. Sun’iy yo‘ldosh fotosuratlariga qarasangiz, materikda jigarrang tuproq hosilalarini ko‘rish mumkin. Kim biladi, ehtimol bir necha o‘n yillar ichida Antarktidada tropik o‘rmonlar yana paydo bo‘lar.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!