Hozirgi zamonaviy davrda barcha ota-onalar farzandlarini eng yaxshi maktabda tahsil olishini istashadi. Talabga koʻra taklif deganlariday bir-biridan ajoyib maktablar soni oshib bormoqda. Dunyodagi eng noodatiy maktablar haqida eshitganmisiz? Quyida gʻayrioddiy yondashuv bilan muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan 10 ta maktab haqida qiziqarli maʼlumotlarga ega boʻlishingiz mumkin. Kim bilsin, balki farzandingizni aynan shu maktablardan birida oʻqitish istagi paydo boʻlib qolar.
1. Munster shahridagi WALDORF maktabi, Germaniya
Waldorf maktablari tizimi bolalar va yoshlarda intellektual, ijodiy, badiiy, amaliy hamda ijtimoiy koʻnikmalarni rivojlantirishga qaratilgan. Waldorf oʻquvchilari oʻqishning birinchi yilidan boshlab ikkita chet tilini oʻrganadilar. Oʻgʻil-qizlar toʻqish, tikish va kashta tikish, shuningdek, mehnat darslarida kesish, chopish, shuningdek arradan foydalanishni oʻrganishadi. Bogʻdorchilik va evritmiya (raqs sanʼati) fanlari oʻquv dasturining ajralmas qismidir.
Barcha oʻquvchilar 12 yil oʻqishni partada oʻtirmasdan oʻtkazadilar. Waldorf maktablarining oʻquv dasturi hissiy idrok etishni rivojlantirishga qaratilgan. Bu maktablarda nemis tili, tarix, matematika, tabiiy fanlar chuqurlashtirilgan holda oʻrgatiladi. Waldorf maktablari Rossiyada ham mavjud.
2. SUMMERHILL maktabi, Buyuk Britaniya
1921-yilda tashkil etilgan Summerhill dunyodagi eng mashhur maktablardan biri boʻlib, koʻplab universitetlardagi taʼlim amaliyotiga ham namuna boʻla oladi. Oʻzini-oʻzi boshqarish va erkinlik tizimi tufayli sakson yildan ortiq vaqt davomida bolalarning oʻzlari uchun qaror qabul qilish huquqi uchun kurashdi.
Maktabni bugungi kunda gullab-yashnayotgan demokratik jamiyatga qiyoslash mumkin, bu yerda bolalar oʻzlariga ishonadigan, sabrli va eʼtiborli boʻlib ulgʻayadilar. Summerhill – yuzga yaqin kishidan iborat jamoa boʻlib, ulardan 75 nafari 5 yoshdan 17 yoshgacha boʻlgan bolalar, qolganlari esa oʻqituvchilar, ota-onalar va boshqa xodimlardir.
Strukturaviy jadvalga qoʻshimcha ravishda oʻquvchilar sanʼat, duradgorlik va kompyuterlardan bepul foydalanish imkoniyatiga egalar. Sinfdan tashqarida oʻquvchilarning dam olishlari, muloqot qilishlari, oʻyin oʻynashlari va ijod bilan shugʻullanishlari mumkin boʻlgan ochiq maydonlar mavjud. Sport, oʻyinlar va boshqa koʻngilochar tadbirlar talabalar hamda kattalar tomonidan ularning ehtiyojlariga koʻra tashkillashtiriladi.
3. WATERSHED maktabi, Kolorado, AQSH
Watershed maktabida oʻqish – bu sarguzasht. Talabalar yangi joylarga borishadi, doʻstlari bilan muloqot qilishadi, dunyoni oʻrganishadi. Ushbu gʻayrioddiy maktabning asosiy taʼlim faoliyati ekspeditsiyalar, kurslar boʻlib, ular mavzu yoki masalaga chuqur yondashish imkonini beradi. Talabalar dastlabki bilimga ega boʻlish uchun kampus tashqarisida qiziqarli ekskursiyalarga chiqishadi.
Ushbu maktab oʻquvchilari koʻproq vaqtlarini sinfdan tashqarida oʻtkazadilar, odamlar bilan muloqot qilishadi, hayotiy muammolar va vazifalarni hal etishadi. Har bir ekspeditsiya 2-4 soat davomida ikkita oʻqituvchi tomonidan olib boriladi.
Katta sinf oʻquvchilari yilni yovvoyi tabiatda toʻqqiz kunlik sayohatdan boshlaydilar. Ular muhim koʻnikmalarni ochiq havoda oʻrganadilar va har kuni navbatma-navbat guruhni boshqaradilar. Shuningdek, xarakter va fikrlashni rivojlantirishga yordam beradigan “24 soatlik solo” (bir oʻzi yurish yoki toqqa chiqish) mashqini bajarishadi.
Maktab oʻquvchilarni xavfga tik boqishga va tavakkal qilishga oʻrgatadi. Har bir semestr maktab yarmarkasi – sanʼat festivali bilan yakunlanadi. Oxirgi kun yakuniy imtihonlar oʻrniga oʻquvchilarning taqdimotlariga bagʻishlanadi. Bu oʻquvchilar uchun oʻqish davomida oʻrgangan bilimlarini, bajargan ishlarini taqdim etish imkoniyatidir.
4. YASHIL MAKTAB, Bali, Indoneziya
Yashil maktab asoschilari Jon va Sintiya Xardi taʼlim haqidagi tasavvurlarini tahlil qilib, uni taʼlim muassasasi arxitekturasida qoʻlladilar. Kampus oʻrmon bilan oʻralgan boʻlib, bu atrof-muhitning taʼsiridan doimo xabardor boʻlish imkonini beradi.
Yashil maktab dasturi oʻquvchilarga qiyin va integratsiyalashgan oʻquv tajribasi orqali bilim hamda koʻnikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Oʻquv rejasining maqsadlari:
• Oʻquvchilarni tabiatga hurmat ruhida tarbiyalash.
• Oʻquvchilarning ekologik madaniyatini oshirish va undan muntazam foydalanishni targʻib qilish.
• Chuqur ekologik qadriyatlarni rivojlantirish.
• Oʻziga, atrofdagilarga va dunyoga boʻlgan muhabbatni rivojlantirish.
• Oʻquvchilarga dunyoning kelajakdagi yetakchilari sifatida gʻurur, masʼuliyat va hamkorlik hissini singdirish.
5. ORESTAD maktabi, Kopengagen, Daniya
Maktab binosi ochiq hudud koʻrinishida boʻlib, oʻrtada katta zinapoyaga mavjud. Arxitekturaning bosh gʻoyasi pedagogika anʼanasiga qarshi tarzda oʻqitishga boshqacha usulda yonashish boʻlgan.
Oʻqitishning koʻp qismi jamoaviy loyihalarga yoʻnaltirilgan. Shunday yoʻl bilan oʻquvchilarga mustaqillik, masʼuliyat va muloqot qobiliyatlari kabi koʻnikmalar oʻrgatiladi.
Kitoblar, materiallar va talabalar topshiriqlari elektron tarzda foydalaniladi. Oʻquvchilar maktabga olib borishlari kerak boʻlgan yagona narsa – bu kompyuter.
6. “A.N.TUBELSKI nomidagi 734-sonli maktab, MOSKVA
2022-yilning may oyida 734-maktab 52 yoshga toʻldi. Maktabga birinchi boʻlib Iskra Vasilevna Tandit rahbarlik qilgan. U eng muhim ishni amalga oshirgan: maktabni “odam” qilgan oʻqituvchilar tarkibini yigʻgan.
Oʻquvchilar Moskva boʻylab koʻp sayohat qilishadi, boshqa shaharlarga borishadi, bu ularga nafaqat maktab loyihalarida, balki tashqi loyihalarda ham qatnashish imkonini beradi. Koʻp yillar davomida shu maktabning koʻngillilar guruhlari tarixiy obidalarni tiklash uchun Xersones shahriga sayohat qilishgan.
Katta sinf oʻquvchilari loyihalarda, amaliy seminarlarda va ijodiy tadbirlarda faol ishtirok etadilar. Oʻquv jarayonida rolli oʻyinlar katta ahamiyatga ega. Tayyorgarlik davri ham, oʻyinning oʻzi ham urf-odatlar, liboslar, raqslar ham tarbiyaviy taʼsirga ega sanaladi.
7. Tel-Avivdagi KEHILA demokratik maktabi, ISROIL
Oʻquvchilar oʻzlari oʻrganadigan fanlarni oʻzlari tanlaydilar, shuning uchun ular oʻqishni yaxshi koʻradilar (har kim oʻrganishni qiziqtirgan narsaga mos ravishda oʻquv tizimini yaratadi). Bundan tashqari, oʻquvchilar (xodimlar va ota-onalar bilan birgalikda) oʻqituvchilarni tanlaydilar, shuning uchun muassasa xodimlari talabalarni chindan ham yoqtiradigan gʻamxoʻr va eʼtiborli insonlardan iborat.
Oʻqituvchilarga dars oʻtish borasida juda katta erkinlik beriladi, shuning uchun ular oʻquvchilarni qiziqtiradigan tarzda oʻqitish metodikasidan foydalanadilar. Har bir bolaning ijtimoiy, taʼlimiy va hissiy nuqtai nazardan yil davomida ularga hamroh boʻladigan oʻzi tanlagan shaxsiy murabbiyi boʻladi.
Maktabning asosiy guruhi “Mentorlik guruhi” deb atalib, bir xil shaxsiy murabbiyni tanlagan 20 nafar boladan iborat boʻladi. Bolalar ushbu guruh bilan har kuni ertalab kunning boshida va oxirida uchrashadilar, haftasiga ikki soatdan guruh darslari oʻtkaziladi.
8. STIV JOBS maktabi, AQSH
Stiv Jobs maktabida AQSH Milliy taʼlim departamenti tomonidan tasdiqlangan maktab oʻquv dasturidan tashqari, maktab pedagogikasi 5 ta asosiy tamoyilga asoslanadi:
• Oʻquvchining ilmiy-texnik salohiyatini rivojlantirish.
• Oʻz isteʼdodlarini rivojlantirishga imkon beradigan ijodiy muhit yaratish.
• Oʻquvchining jismoniy va ruhiy xotirjamligini taʼminlash.
• Ularning ijtimoiy integratsiyalashuvi uchun sharoit yaratish.
• Bolani shaxsiy va akademik rivojlanish jarayonida qoʻllab-quvvatlash.
Qabul qilingan dastur uch tillilikka bosqichma-bosqich oʻtish bilan mustahkamlangan boʻlib, unga ega boʻlish bugungi kunda akademik va kasbiy muvaffaqiyatning muhim shartidir.
Oʻquvchilar maktabda oʻzlarining shaxsiy jadvaliga koʻra turli fan xonalarida taʼlim olishadi: masalan, lingafon xonasi, matematika xonasi, ijodiy laboratoriya, sport zali yoki texnologiya laboratoriyasi. Shuningdek, ular turli tadbirlarda roʻyxatdan oʻtgan holda qatnashishlari mumkin.
Boshlangʻich maktablarda har bir bola shaxsiy iPad orqali “virtual maktab”ga 24/7 kirish huquqiga ega.
9. THINK GLOBAL maktabi, AQSH
Ushbu gʻayrioddiy maktab asoschisi Joan MakPike boʻlib, THINK Global maktabini ochishga uni oʻgʻli Aleks ilhomlantirgan. 14 yoshida pasportida 70 dan ortiq marka boʻlgan sayohatchi oʻgʻli bilan birgalikda dunyo sayohati, shaxsiy taʼlim va ijobiy oʻzgarishlarga bagʻishlangan maktab ochishga qaror qilgan.
Yil davomida talabalar oʻn ikki xil mamlakatlarga tashrif buyurib, mahalliy madaniyatlarning oʻziga xosliklari, taomlari va tillarini oʻrganishadi.
10. KULRANG SEHRGARLIK maktabi, AQSH
Kulrang sehrgarlik maktabi Kaliforniya shtatida 2004-yil 14-martda tashkil etilgan. Oʻsha yilning 1-avgustida sehr sirlarini oʻrgatuvchi onlayn kampus ishga tushirilgan. Hamma uchun ochiq boʻlgan kulrang maktab 16 ta yoʻnalish boʻyicha 500 dan ortiq sinflarni qamrab oladi: alkimyo, shifo va fol ochishdan tortib marosim sehr-jodulari va yovuz kuchlardan himoyalanishgacha boʻlgan sir-asrorlarni oʻrgatadi. Kulrang maktab dastlab 11 yoshdan 17 yoshgacha boʻlgan oʻquvchilar larga taʼlim berish uchun moʻljallangan boʻlsa, hozirda u asosan kattalar uchun xizmat qiladi. Darhaqiqat, oʻquvchilarning aksariyati 18 yoshdan 80 yoshgacha boʻlgan insonlardir.
Sehrgarlik maktabi toʻliq va arzon shogirdlik dasturini taklif etadi, uni tugatgandan soʻng oʻquvchilar tanlagan mutaxassisligi boʻyicha sertifikat oladilar.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!