2025-yil 1-yanvardan Sog‘liqni saqlash tizimida qator yangiliklar amaliyotga joriy qilinadi.
Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ma’lum qilmoqda.
Tizimdagi kutilayotgan yangiliklar quyidagilardan iborat:
“Yurtimizda jami onkologik kasalliklarning o‘rtacha 20-25 foizi ayollardagi ko‘krak bezi va bachadon saratoniga to‘g‘ri keladi. Shu bois bu borada skrininglarni kengaytirish va ularning reyestrini yuritish rejalashtirilmoqda.
Gematologiya, kardiologiya, endokrinologiya kasalliklarini erta aniqlash va ularni davolash bo‘yicha bu yil nihoyasiga yetadigan uch yillik dasturlar muddati uzaytiriladi.
Tibbiyot muassasalariga markazlashgan holda dorilar xarid qilishda ham kamchiliklar bor. Ba’zi shifoxonalarda talabga nisbatan kam olingan bo‘lsa, ba’zilarida dorilar ortib qolgan.
Shu bois dori vositalari va tibbiy buyumlarni o‘n besh oylik talab asosida xarid qilish tizimi taklif etilmoqda. Bunda kelgusi yillar uchun ehtiyojlar 1-avgustdan kechikmasdan, Davlat byudjeti parametrlari bilan bir vaqtda shakllantiriladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida “Xaridlar markazi” va uning 13 ta hududiy filiali tashkil qilinadi. Markazga 2025-yil 1-yanvardan boshlab, original dori vositalari va yopiq turdagi laborator uskunalar uchun sarflov vositalarini bevosita ishlab chiqaruvchidan to‘g‘ridan to‘g‘ri xarid qilishga ruxsat beriladi.
Donorlarni qo‘llab-quvvatlash kengaytiriladi. Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni olganlarga bir yo‘la beriladigan pul mukofoti bazaviy hisoblash miqdorini 5 baravaridan 15 baravarigacha oshiriladi. Ularga jamoat transportidan bepul foydalanish huquqi beriladi, davlat sihatgohlarida davolanish navbatsiz bo‘ladi”, – deyilgan xabarda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!