15 yil ishlagan tibbiyot xodimlari farzandlariga kontraktning 30 foizigacha subsidiya beriladi
Davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil mehnat stajiga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining farzandlari uchun oliy ta’limdagi to‘lov-kontraktning 30 foizigacha bo‘lgan qismi davlat tomonidan qoplab beriladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida belgilandi.
Qarorga ko‘ra, subsidiya respublikadagi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat bosqichida tahsil olayotgan talabalarga taalluqli bo‘ladi. Biroq ajratiladigan mablag‘ BHMning 15 baravaridan oshmaydi.
Masalan, yillik kontrakt 20 mln so‘m bo‘lsa, uning 30 foizi — 6 mln so‘m davlat tomonidan qoplab beriladi. Yuqori kontrakt summalarida esa subsidiya belgilangan maksimal miqdor doirasida ajratiladi.
Imtiyozdan foydalanish uchun ota yoki ona davlat tibbiyot muassasasida faoliyat yuritayotgan va kamida 15 yillik ish stajiga ega bo‘lishi kerak. Arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi.
Shuningdek, qaror bilan davlat tibbiyot muassasalarida ishlovchi tibbiyot va farmatsevtika xodimlari uchun ayrim davlat xizmatlari bo‘yicha 50 foizlik chegirmalar ham joriy etildi. Imtiyozlar elektron raqamli imzo, kadastr, ayrim sertifikatlar, apostil, ma’lumotnomalar hamda oliy ta’limga qabul bilan bog‘liq xizmatlarga tatbiq etiladi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!