Daraxt va butalarning noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq 4599 ta huquqbuzarlik holati aniqlangan.
2023-yil 16-fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tomonidan Tabiat resurslari hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirliklarining “Qurilish ob’yektlarida daraxtlar kesilish holatlarining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va mavjud muammolar to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.
Ta’kidlanganidek, davlat rahbarining tashabbusi bilan qimmatbaho navli daraxt va butalar kesilishiga moratoriy joriy qilindi. Butun mamlakat miqyosida daraxtzorlarni ko‘paytirishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazishda sodir etilgan huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha jarima sanksiyalarini kuchaytirish hamda daraxtlarni kesish, shikastlantirishni nazarda tutuvchi loyiha hujjatlarini tayyorlaganlik uchun loyiha institutlarining javobgarligini belgilash maqsadida “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, amalga oshirilgan ishlarga qaramasdan respublika miqiyosida daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish, shu jumladan, qimmatbaho, ko‘p yillik daraxtlar nobud bo‘lishiga olib kelgan holatlar uchrab turibdi.
Taqdim etilgan ma’lumotga ko‘ra, daraxt va butalarning noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq 2022-yil davomida 4599 ta huquqbuzarlik holati aniqlanib, ularga nisbatan 7,3 mlrd. so‘m ma’muriy jarima va 10 mlrd. so‘m tabiatga zarar belgilangan. Shu jumladan, o‘tgan yilda jami 1777 tup qimmatbaho va ko‘p yillik daraxtlar kesilgan. Vaziyat tahlil etilganda, qurilish obyektlari atrofini o‘rab olish natijasida daraxtlarning qarovsiz qolishi, shikastlanishi va nobud bo‘lish holatlari sodir etilayotgani aniqlangan.
Bundan tashqari, “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi Qonunning 11-moddasida davlat ekologik ekspertizasi ob’yektlari qatoriga barcha turdagi qurilishlar uchun yer uchastkalarini ajratish materiallari hamda shaharsozlik hujjatlarining barcha turlari kiritilgan. Biroq, mas’ullar tomonidan Toshkent shahridagi qurilish ob’yektlari xatlov qilinganida yer ajratish bilan bog‘liq 2019-yilda 235 ta, 2020-yilda 89 ta va 2021-yilda 99 ta obyektga o‘rganilmasdan va davlat ekologik ekspertizasining xulosasi olinmasdan qurilishga yer ajratib berilganligi va qurilish loyihalari ishlab chiqilganligi aniqlangan.
Shuningdek, 2022-yilda Toshkent shahrining 11 ta tumanidagi 332 ta xo‘jalik yurituvchi sub’yekt xududlari o‘rganilishi natijasida umumiy 21031 dona turli xildagi daraxtlar xatlovdan o‘tkazilgan, ularning 17767 donasi manzarali, 2599 tasi mevali daraxtlar bo‘lib, ularning 103 tasi qurib qolganligi va 20 tasi turli xil kasallanganligi ma’lum bo‘lgan.
Qayd etilganidek, respublika bo‘yicha 500 dan ziyod qurilish ob’yektlari atrofi o‘rab olingan bo‘lib, ularda 24 mingga yaqin daraxtlar taqdiri xafv ostida qolmoqda. Afsuski, bir qator qurilish ob’yektlarida daraxtlarni kesib tashlash holatlari sodir etilgan.
Xususan, Mirzo Ulug‘bek tumani hududida joylashgan qurilish ob’yektida xandaq (katlavan) qazish ishlari olib borilgan hududda jami 55 tup daraxt yo‘q qilingan. Chilonzor tumanigi ko‘p qavatli turar joy binosi qurilishi uchun o‘rab olingan hududda 18 tup daraxt shikastlantirilgani aniqlangan, Yashnabod tumanida qurilish ob’yektida 83 tup ko‘p yillik manzarali daraxtlar noqonuniy ravishda kesilgan.
“Eshituvda deputatlar tomonidan mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan bir qator taklif va tavsiyalar berildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-apreldagi “Qurilish sohasiga oid yagona ma’muriy qurilish reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga qurilish ob’yektlariga daraxtlar kesilishining oldini olishga qaratilgan tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish lozimligi ta’kidlandi. Shuningdek, qurilish ob’yektlarining atrofni o‘rash tartibini qonunchilik hujjatlarida aniq belgilash, respublikadagi davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlarni to‘liq raqamlashtirish yo‘li bilan xatlovdan o‘tkazish yuzasidan takliflar bildirildi”, – deyiladi xabarda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!