Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan ichki ishlar xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Surxondaryo viloyatining Denov tumani hududida harakatlanayotgan “Kobalt” rusumli avtomashina to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.
Natijada, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Denov tumanida yashovchi, 1987-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxsning yonida 9 kg “gashish” moddasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu giyohvandlik vositasi kelgusida sotish maqsadida tojikistonlik narkokartellar tomonidan yetkazib berilganligi ma’lum bo‘ldi.
Davlat xavfsizlik xizmati, ichki ishlar va bojxona organlari xodimlari hamkorligida Farg‘ona viloyatida ham tezkor tadbir o‘tkazildi. Jumladan, Farg‘ona shahrida yashovchi, 1994 va 1988-yillarda tug‘ilgan 2 nafar fuqaro ketayotgan avtotransport vositasi shahar hududida harakatlanayotgan vaqtida to‘xtatilib tekshirilganda, ularning yonida 5 kg 862 gramm “gashish” moddasi borligi ma’lum bo‘ldi.
Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, ulardan ushbu giyohvandlik vositasini har bir kg.ni 89 mln. so‘mdan kelishgan holda sotib olmoqchi bo‘lgan vaqtida Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi, 1997-yilda tug‘ilgan fuqaro ham qo‘lga olindi.
Bundan tashqari, ushbu giyohvandlik vositasini muqaddam Qirg‘iz Respublikasining Botken viloyati Qadamjoy tumanida “savdogardan” olib, mamlakatimizga kontrabanda yo‘li bilan keltirgan jinoiy guruh yetakchisi - So‘x tumanida yashovchi, 1987-yilda tug‘ilgan shaxs ham protsessual tartibda ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan Namangan shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumanida yashovchi, 1992-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs 3 kg 950 gramm “gashish” moddasini xaridorga 38 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida ushlandi.
Shuningdek, u bilan birga kelgan, jinoiy sherigi – Farg‘ona tumanida istiqomat qiluvchi, 2000-yilda tug‘ilgan fuqaro ham qo‘lga olindi.
Tezkor tadbir davom ettirilib, 1992-yilda tug‘ilgan shaxsning Farg‘ona tumanidagi yashash xonadonidan muqaddam Qirg‘iz Respublikasidan keltirilgan 868 gramm “gashish” moddasi ham olindi.
Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, 1969-yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaro va uning Denov tumanida istiqomat qiluvchi, 1986 yilda tug‘ilgan jinoiy sherigi o‘zaro kelishgan holda, Tojikiston Respublikasidan olib kelingan 1 kg 962 gramm “opiy” moddasini xaridorga 200 mln so‘mga sotgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmatining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmalari hamda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Sirdaryo viloyatida kuzatilgan holatda esa, Farg‘ona viloyatida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan hamda Andijon viloyatida istiqomat qiluvchi, 1969-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan ikki nafar fuqaro Tojikiston Respublikasidan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan 943 gramm “opiy” moddasini sotmoqchi bo‘lgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi hamda Bojxona qo‘mitasining hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida jami 22 kg 585 gramm giyohvandlik vositasining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!