Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida, Sirdaryo bo‘yida joylashgan qadimiy Ahsikent bugun ham ming yillik tarix nafasi bilan yashab turibdi. Bir vaqtlar Farg‘ona vodiysining eng yirik va qudratli shaharlaridan biri bo‘lgan bu maskan hozir xarobalarga aylangan bo‘lsa-da, har bir g‘ishtida buyuk o‘tmish izlari saqlanib qolgan.
Tarixchilarga ko‘ra, Ahsikent miloddan avvalgi III–II asrlarda bunyod etilgan va uzoq yillar davomida Buyuk Ipak yo‘lining muhim markazlaridan biri bo‘lib xizmat qilgan. Savdo karvonlari aynan shu hudud orqali o‘tgan, sharq va g‘arbni bog‘lagan savdogarlar esa shaharning ravnaq topishida muhim rol o‘ynagan.
IX–X asrlarga kelib Ahsikent Farg‘ona vodiysining siyosiy hamda iqtisodiy markaziga aylangan. Bu yerda zarb qilingan tangalarning keng hududlarda muomalada bo‘lgani shaharning qudrati va rivojlanganidan dalolat beradi.
Bugungi kungacha saqlanib qolgan mudofaa devorlari hamon o‘z salobatini yo‘qotmagan. Ayrim devorlarning balandligi 20 metrga, qalinligi esa 10 metrga yetgani aytiladi. Qadimiy shahar beshta darvoza va chuqur handaqlar bilan himoyalangan bo‘lgan.
Arxeologik topilmalar Ahsikent aholisi yuqori turmush madaniyatiga ega bo‘lganini ko‘rsatadi. Qadimiy uylar ichida oshxona, omborxona, yotoqxona va hatto toza suv quduqlari mavjud bo‘lgan. Xonalarni isitishda esa maxsus o‘choqlardan foydalanilgan.
Ahsikent nomi buyuk sarkarda va mutafakkir Zahiriddin Muhammad Bobur bilan ham chambarchas bog‘liq. Boburning otasi Umarshayx Mirzo II aynan shu shaharda hukmronlik qilgan va uni o‘z qarorgohiga aylantirgan.
Ammo urushlar va tabiiy ofatlar shahar taqdirini o‘zgartirib yubordi. Qoraxitoylar bosqini, Chingizxon yurishlari hamda 1621-yildagi kuchli zilzila Ahsikentning tanazzulga yuz tutishiga sabab bo‘lgan.
Bugun esa qadimiy Ahsikent xarobalari tarix ixlosmandlari va sayyohlarni yana o‘ziga chorlamoqda. Bu maskan oddiy xaroba emas, balki Farg‘ona vodiysining unutilmas tarixi va ajdodlarimizdan qolgan bebaho merosidir.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!