Rossiyaning Saxalin viloyatida jazo muddatini o‘tayotgan bir guruh O‘zbekiston fuqarolari jazoning qolgan qismini vatanda o‘tash istagini bildirdi. Bu masala O‘zbekistonning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasi xodimlarining xizmat safari davomida muhokama qilindi.
Tashrif doirasida diplomatlar Saxalinda joylashgan 1-sonli jazoni ijro etish muassasasida bo‘lib, u yerda saqlanayotgan 11 nafar O‘zbekiston fuqarosi bilan uchrashdi. Suhbat davomida mahkumlarning yashash sharoitlari, ularga yaratilgan imkoniyatlar hamda umumiy holati o‘rganildi.
Uchrashuvda majburiy mehnat, bosim yoki qiynoq holatlari mavjudligi bo‘yicha savollar ham berildi. Shuningdek, ularning Rossiya Mudofaa vazirligi orqali Ukrainadagi harbiy harakatlarga jalb etilishi mumkinligi yuzasidan ham aniqlik kiritildi.
Mahkumlar bunday holatlar kuzatilmaganini bildirgan. Biroq ayrim hollarda Rossiya Mudofaa vazirligi vakillari muassasaga tashrif buyurib, harbiy harakatlarda ishtirok etish evaziga sudlanganlikni bekor qilish va yuqori maosh olish takliflari haqida ma’lumot berilishini aytishgan.
Diplomatlar O‘zbekiston fuqarolariga xorijiy davlatlar harbiy tuzilmalarida ishtirok etish qonunchilikka zid ekani, bu holat Jinoyat kodeksining 154-moddasi — “Yollanish” bo‘yicha javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkinligini eslatib o‘tdi.
Uchrashuv yakunida mahkumlar jazoning qolgan qismini O‘zbekistonda o‘tash bo‘yicha amaliy yordam so‘radi. Biroq Bosh konsulxona hozircha O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida mahkumlarni o‘zaro topshirish bo‘yicha rasmiy kelishuv mavjud emasligini ma’lum qildi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!