1940-yilning 10-fevral kuni afsonaviy “Tom va Jerri” multfilmining ilk qismi ekran yuzini koʻrgan. Bir necha avlod bolalari multfilmning bosh qahramonlari – mushuk va sichqonchaning qiziqarli sarguzashtlarini tomosha qilib ulgʻayganlar. Shu munosabat bilan ushbu multserialga oid qiziqarli maʼlumotlarni eʼtiboringizga havola etamiz.
– Multserialning 1940-yil 10-fevral kuni taqdim etilgan ilk seriyasi “Mushuk tepki yedi” deb nomlangan. Avvaliga MGM studiyasi loyiha muallifi Jozef Barberaning ushbu gʻoyasini unchalik yoqtirmagan. Ammo, “Warner Bros.“ kompaniyasining Mikki Maus va Bagz Bannisiga munosib raqobatchi yaratish maqsadida Tom va Jerri haqida multfilm ishlashga rozi boʻlgan.
– Avvaliga multfilm mualliflari Uilyam Xanna va Jozef Barbera multfilmning bosh qahramonlari tulki va kuchuk boʻlishi haqida oʻylashgan, oxir-oqibatda mushuk va sichqon juftligi qiziqarliroq boʻladi degan fikrga kelishgan.
– “Tom va Jerri” multfilmining ilk qismlari ustida Gollivud tarixidagi birinchi afroamerikalik animator Frenk Brakston ishlagan.
– Loyiha mualliflari Uilyam Xanna va Jozef Barberalar keyinchalik muxlislarga Skubi-Du, ayiq Yoga, smurflarni ham “taqdim etishgan”.
– Avvaliga mulfilmning bosh qahramonlari – mushukning laqabi Jasper, sichqonchaning laqabi esa Jinks boʻlgan. Ilk qismlar olamshumul muvaffaqiyatga erishganidan keyin kompaniya oʻz xodimlari orasida qahramonlar uchun eng yaxshi nom topish boʻyicha tanlov oʻtkazgan. Mushuk va sichqonchaga Tom va Jerri deb ism berish gʻoyasi animator Jon Karr tomonidan taklif qilingan, ijodkor buning evaziga 50 dollar mukofot puli olgan.
– Birlashgan Arab Amirliklarida “Tom va Jerri”ni shunchalar yaxshi koʻrishadiki, 1972-yilda bu yerda multfilm qahramonlarining surati aks etgan pochta markalari chiqarilgan.
– Multfilmning 250 dan ortiq seriyasi mavjud, u 65 yil davomida efirga uzatilgan. Bu vaqt mobaynida Tomga 20 ta, Jerriga esa 11 ta aktyor ovoz bergan.
– “Tom va Jerri” 7 marta “Oskar” mukofotiga munosib deb topilgan. Bu multfilmlar orasidagi mutlaq rekord boʻlib, bunday natijani “Disney” kompaniyasi ham qayd eta olmagan.
– Tomning bekasi qanday tashqi koʻrinishga ega ekanligi multfilmning faqat bitta seriyasida koʻrsatib oʻtilgan. Uning hayotdagi prototipi esa qora tanli aktrisa Xetti Makdeniyel boʻlgan. Ushbu aktrisa “Shamollarda qolgan hislarim” serialida Mammi rolini ijro etgan.
– 2000-yili “Time” jurnali “Tom va Jerri”ni tarixdagi eng buyuk televizion shoulardan biri deb taʼriflagan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!