1892-yilning 15-mart kuni amerikalik ixtirochi Jess Reno tarixdagi birinchi eskalator uchun patent oldi. Qurilma jamoatchilik eʼtiboriga taqdim etilishi bilanoq barchani hayratga solib qoʻygan.
Ixtirochi eskalatorni attraksion sifatida Koni Aylenddagi Nyu-York bogʻiga joylashtirgan. Tarixdagi birinchi eskalator yogʻoch tayoqlar asosidagi harakatlanuvchi zinalarga ega rezina tasmalardan iborat boʻlgan.
1911-yilda eskalator ilk marta London metropolitenining “Earlʼs Court” bekatiga oʻrnatildi. Aynan mana shu vaqtda eskalatordan foydalanish qoidalari ham shakllandi. Unga koʻra, odamlar bir qator boʻlib oʻng tomondan joy olishlari, chap tomondagi soha esa shoshayotgan odamlar uchun boʻsh qoldirilishi kerak edi. Eskalatorning yakuniy konstruktsiyasi 1921-yilda toʻliq ishlab chiqildi. “Otis Elevator Company” kompaniyasi Renoning ixtirosini yanada takomillashtirdi. Shundan beri eskalatorlarning konstruksiyasi deyarli oʻzgargani yoʻq.
Eng kalta eskalator
Dunyodagi eng kalta eskalator Yaponiyaning Kavasaki shahrida joylashgan. Uning balandligi bor-yoʻgʻi 83 santimetrga teng. Eskalator supermarketlarning biriga oʻrnatilgan. Bir qarashda ushbu “mitti” eskalatordan hech kim foydalanmaydigandek tuyulishi mumkin. Ammo, supermarketga kelgan har ikkinchi xaridor undan foydalanishni afzal koʻradi.
Dunyodagi eng uzun eskalator
Dunyodagi eng uzun eskalator Sankt-Peterburg shahridagi “Admiralteyskiy” metro bekatiga oʻrnatilgan. Uning uzunligi 134 metrni tashkil qiladi. Yoʻlovchilar uning yordamida 68 metr balandlikka koʻtariladilar.
Noodatiy eskalatorlar
Eskalatorlar nafaqat metro va savdo markazlari, balki koʻchalarga ham oʻrnatilishi mumkin desak ishonasizmi? Kolumbiyaning Medelin shahrida aynan shunday holatni koʻrish mumkin. Gap shundaki, ushbu tuman qoya ustida joylashgan, aholi vakillari esa har kuni yuqoriga chiqish va pastga tushish bilan bogʻliq qiyinchiliklarga duch kelishgan. Oxir-oqibatda koʻchalar boʻylab eskalatorlar oʻrnatib chiqilgan. Bu yerdagi eskalatorlarning umumiy uzunligi 384 metrga teng.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!