Rossiyaning Nijniy Novgorod viloyatida 36 yoshli O‘zbekiston fuqarosi yuk mashinasida politsiya binosiga hujum qildi. Bu haqda viloyat tergov qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 12-sentabrga o‘tar kechasi haydovchi “Kamaz” yuk mashinasida Dzerjinsk shahridagi 2-son politsiya tayanch punkti binosiga yaqinlashib, mashinaga o‘rnatilgan manipulyator kran yordamida beton blokni ko‘tarib, binoga zarba berishni boshlagan. Birinchi zarba kirish eshigiga, yana biri devorga urilgan. Oqibatda, politsiyachilar bino ichida qamalib qolgan, haydovchi esa voqea joyidan qochib ketgan.
Politsiya bo‘limida “Qal’a” rejimi, shaharda esa “Qo‘lga olish” operatsiyasi boshlangan. Oradan 2 soat vaqt o‘tib, haydovchi qo‘lga olingan. Huquq-tartibot idoralari xodimlari 24 marta o‘q uzib, transport vositasining g‘ildiragini teshish orqali uni to‘xtatib qolgan.
Politsiya bosh boshqarmasi O‘zbekiston fuqarosining Rossiya Federatsiyasi hududida qonuniy bo‘lib turganiga aniqlik kiritdi. Nima uchun u politsiya bo‘limiga hujum qilgani hozircha noma’lum. Huquq-tartibot idoralari xodimlari sabablarni o‘rganmoqda.
Hozirda ayblanuvchiga nisbatan Rossiya Jinoyat kodeksining 213-moddasi (bezorilik, ya’ni fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik tahdidi bilan sodir etilgan, jamiyatga nisbatan aniq hurmatsizlikni ifodalovchi jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzish) 1-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi ochilgan.
Hibsga olingan shaxs 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!