Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-iyun kuni yoshlar bilan uchrashuvda O‘zbekiston milliy terma jamoasining futbol bo‘yicha Jahon chempionatidagi ishtirokiga to‘xtalib, futbolchilarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. “Milliy jamoamizning AQSH va Meksika maydonlaridagi o‘yinlarini butun xalqimiz bilan bir tan-u bir jon bo‘lib, katta hayajon bilan kuzatib bordik. Futbolchilarimiz FIFA reytingida 5-o‘rinda turgan Portugaliya, 13-o‘rindagi Kolumbiya hamda tarkibida Yevropaning yetakchi klublarida to‘p surayotgan futbolchilar jamlangan Kongo DR terma jamoalariga qarshi o‘yinlarda katta tajriba orttirdi, mundial muhitini his qildi. Abbos Fayzullayev va Eldor Shomurodovning Jahon chempionatidagi ilk gollari esa xalqimizga quvonch ulashdi”, — dedi davlat rahbari.
Prezident milliy terma jamoaning mundialdagi ishtiroki yuzasidan turli fikrlar bildirilayotganini qayd etar ekan, futbolchilardan ayb qidirmaslik kerakligini ta’kidladi. “Vatanimiz sharafini himoya qilgan terma jamoamiz a’zolariga ortiqcha his-tuyg‘u bilan e’tiroz bildirish, ulardan ayb qidirish xalqimizga xos emas. Aksincha, bugun ularni qo‘llab-quvvatlash, ruhiyatini ko‘tarish har qachongidan ham muhim”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlat rahbari katta g‘alabalar hali oldinda ekanini ta’kidlab, buning uchun futbolni rivojlantirish, sohaga investitsiyalarni ko‘paytirish hamda, eng avvalo, bolalar futboliga e’tiborni yanada kuchaytirish zarurligini qayd etdi. Shuningdek, kelasi yil yanvar oyida Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan Osiyo kubogiga tayyorgarlik hozirdanoq boshlanishi ma’lum qilindi. “Biz jamoamizga ishonamiz va ushbu musobaqada ham butun xalqimiz bilan uni qo‘llab-quvvatlaymiz”, — dedi prezident.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi italiyalik mutaxassis Fabio Kannavaro boshchiligida o‘z tarixida ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etdi. Jamoa guruh bosqichida Kolumbiyaga 1:3, Portugaliyaga 0:5 va Kongo DRga 1:3 hisobida mag‘lub bo‘lib, musobaqani guruh bosqichidayoq yakunladi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!