AQSh hukumatining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning dastlabki besh oyi davomida Immigratsiya va bojxona nazorati (ICE) tasarrufidagi migrantlarni saqlash markazlarida 18 kishi vafot etgan. Bu haqda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk ma’lum qildi.
Uning aytishicha, iyun oyida yana bir o‘lim holati qayd etilgan. Taqqoslash uchun, 2025 yil davomida bunday holatlar soni 33 tani, 2024 yilda esa 11 tani tashkil etgan. Folker Tyurk hibsxonalardagi o‘lim holatlari bo‘yicha shaffoflik va aniqlikning yetishmasligi aybdorlarni javobgarlikka tortish imkoniyatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi. «Men ICE hibsxonalaridagi barcha o‘lim holatlari bo‘yicha tezkor, mustaqil, xolis va samarali tergov o‘tkazishga chaqiraman.
Qonunni buzgan shaxslar javobgarlikka tortilishi, halok bo‘lganlarning oilalari esa haqiqatni bilish va adolatga erishish huquqiga ega bo‘lishi kerak», — dedi u.
Ma’lum qilinishicha, ayni paytda ICE markazlarida 60 mingdan ortiq kishi saqlanmoqda. 2025 yil boshida bu ko‘rsatkich qariyb 40 ming nafarni tashkil etgan. Rasmiylar 2026 yil oxiriga qadar markazlar sig‘imini 90 ming kishiga yetkazishni rejalashtirmoqda. Bayonotda ta’kidlanishicha, ushbu markazlarda bolali oilalar va og‘ir kasalliklarga chalingan shaxslar ham saqlanmoqda. Ayrim hollarda ular zarur tibbiy xizmat va oziq-ovqat bilan to‘liq ta’minlanmayotgani aytilgan. Shuningdek, muassasalardagi tiqilinch sharoit yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfini oshirmoqda. 2026 yilda rasman qayd etilgan o‘lim holatlarining beshtasi o‘z joniga qasd qilish sifatida tasniflangan.
Folker Tyurk bir kishilik kameralarda saqlash amaliyotidan ham xavotir bildirib, bunday chora faqat istisno hollarda qo‘llanilishi lozimligini ta’kidladi. Oliy komissar migrantlarni hibsga olish faqat oxirgi chora sifatida qo‘llanilishi, bolalar esa immigratsiya markazlariga joylashtirilmasligi kerakligini qayd etdi. Shuningdek, u migrantlar va qochqinlarni kamsitish hamda ularni jinoyatchi sifatida ko‘rsatish urinishlarini keskin qoraladi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!