“Paramount Pictures Studio” “Titanik” yana katta ekranlarga yangilangan 3D 4K HDR formatida, shuningdek, kadrlar tezligi oshishi bilan qaytayotgani haqida ma’lum qildi. Shu munosabat bilan filmning yangi treyleri ham taqdim etildi.
Qayta nashr etilish kartinaning 25 yilligiga bag‘ishlangan. “Titanik” filmi 1997-yilda efirga chiqarilgan hamda eng yaxshi film, eng yaxshi rejissyorlik ishi, eng yaxshi operator va eng yaxshi saundtrek kabi 11 ta yo‘nalishda “Oskar” mukofotiga loyiq ko‘rilgan.
Film premyera qilingan yildayoq darhol jahon prokati rekordchisiga aylandi va hozirda eng kassabop filmlar ro‘yxatida uchinchi o‘rinni egallab turibdi. Undan oldinda faqat “Avatar” (2009) va “Qasoskorlar: final” (2019) loyihalari nomini ko‘rish mumkin.
Qayd etilishicha, filmning yangilangan versiyasi Amerika Qo‘shma Shtatlari va boshqa bir qancha mamlakatlar kinoteatrlarida 10 fevral kunidan boshlab namoyish etiladi. Uning O‘zbekistonda qachon namoyish etilishi hali noma’lum.
Eslatib o‘tish mumkin, “Titanik” – 1997-yilda amerikalik buyuk rejissyor Jeyms Kemeron tomonidan suratga olingan va afsonaviy “Titanik” laynerining cho‘kishi tasvirlangan tragik filmi.
Turli ijtimoiy qatlamlar vakillari bo‘lgan qahramonlar – Jek va Roza 1912-yilda Atlantika okeani bo‘ylab birinchi va oxirgi sayohatini amalga oshirgan layner bortida bir-birlarini sevib qolishadi. Asosiy rollarni Leonardo di Kaprio va Keyt Uinslet ijro etgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!