Toshkent davlat texnika universiteti talabalari boshqa yotoqxonalar va ijara xonadonlariga joylashtirildi.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Durdona Rahimova boshchiligidagi ishchi guruh talabalar yotoqxonasiga borib, mavjud vaziyatni joyida o‘rgandi.
O‘rganish jarayonida tadbirkor, tegishli mas’ullar, prokuratura xodimlari hamda Toshkent davlat texnika universiteti rahbariyati ishtirok etib, holat yuzasidan zarur choralar belgilandi.
Aniqlanishicha, Talabalar shaharchasida davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan mazkur talabalar turar joyi hali rasman foydalanishga topshirilmagan. Obyektning kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmagan, foydalanish uchun zarur ruxsatlar olinmagan.
Shuningdek, issiq suv va isitish tizimlari hali ulanmagan, yong‘in xavfsizligi bo‘yicha ham obyekt amaldagi talablarga javob bermaydi. Shu sababli talabalar xavfsizligini ta’minlash maqsadida ular mazkur obyektdan chiqarilib, universitetning mavjud talabalar turar joylari hamda ijara xonadonlariga to‘liq joylashtirildi.
Toshkent shahar hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur obyektga avval joylashtirilgan talabalardan undirilgan to‘lovlar tadbirkor tomonidan 3 kun muddatda to‘liq qaytarib beriladi. Ayni paytda obyektning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va foydalanish uchun zarur ruxsatlarni olish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
Holat bo‘yicha barcha jihatlar o‘rganilib, talabalarning xavfsizligi va qonuniy manfaatlarini ta’minlash yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!