Tegishli investitsiya bitimini Qirg‘iz Respublikasi transport va kommunikatsiya vaziri Absattar Sirgaboyev va “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘llari kompaniyasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktorlar kengashi raisi Chjun Shenguy imzolagan.
Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi Raisi o‘rinbosari – suv va qishloq xo‘jaligi, qayta ishlash sanoati vaziri Bakit Torobayev bu kunni uch mamlakat uchun tarixiy lahza, deb hisoblash mumkin va zarurligini ta’kidlagan. Zero, uzoq davom etgan murakkab muzokaralardan so‘ng mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik yirik infratuzilma loyihasi nihoyat amaliy bosqichga o‘tmoqda.
Hujjatlarni imzolash marosimida Xitoyning Qirg‘iz Respublikasidagi muvaqqat ishlar vakili Li Baotsze hamda O‘zbekistonning Bishkekdagi Favqulodda va muxtor elchisi Saidikrom Niyozxo‘jayev boshchiligidagi delegatsiyalar ham ishtirok etgan.
Ma’lumki, loyihani amalga oshirish uchun uch mamlakat qo‘shma kompaniya tuzishga kelishib olgan. Korxonada Xitoy 51 foiz, Qirg‘iziston va O‘zbekiston 24,5 foizdan ulushga ega.
Iyun oyida tomonlar tegishli bitimni rasman imzolab, moliyalashtirish shartlarini belgilab olgan edi. Umumiy qiymati 4 milliard 665 million dollarga baholanayotgan loyiha uchun Jalolobod shahrida 44,29 gektar maydon ajratilgan.
Ushbu bunyodkorlik obyekti 486 kilometr bir izli yo‘l chizig‘i, 18 bekat, jami 26 kilometr uzunlikdagi 81 ko‘prik va 120 kilometrlik 41 tunneldan iborat bo‘ladi. Qurilish 5 yilga cho‘zilishi taxmin qilinmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!