
Qachonlardir multfilmlarni faqat bolalar tomosha qilar, kattalar esa faqat farzandlari bilan vaqt o‘tkazganda ko‘rishardi. Bugungi kunda barchasi o‘zgargan. Kinoteatrlarda nafaqat ota-onalari bilan kelgan bolalar, balki kattalarni ham ko‘rishimiz mumkin. Ko‘pgina kattalar qo‘rqinchli filmlardan ko‘ra, o‘zlari kutgan, treylerlarini kuzatib borgan multfilmlarni tomosha qilish uchun kinoteatrlarga yo‘l olishmoqda.
Bolalikdagi multfilmlarni tomosha qilishning hech qanday hayratlanarli tomoni yo‘q. Bu holat kishi shunchaki yoshlikka qaytgisi kelganini, bolaligini eslashni xohlaganini anglatadi. Ammo bugungi kunda kattalar ham eng so‘nggi chiqayotgan multfilmlarni premyeralarini o‘tkazib yubormasdan kuzatib borayotganlari hayratlanarli holat emasmi? Multfilmlarning mashhurlik siri nimada? Bunga birqancha sabablar bor.
Ertakterapiya ta’siri
Gap shundaki, psixologiyaning ertakterapiya degan metodi mavjud. Ertak yordamida odamning muammolarini hal qilish mumkin, chunki ertaklar nafaqat ongga ta’sir qiladi, balki uni butunlay qamrab oladi. Multfilmlarda ham ertaklardagi kabi reallik bilan parallel tarzda yuriladi, ammo shu bilan birga majoziy obrazlar ham qo‘llaniladi. Shunda intuitiv fikrlash boshlanadi va bu ong orqali odamga ta’sir qilishga yordam beradi.

Ega-holat ta’siri
Multfilmlarning yana bir muhim omili – ular insondagi ega-holat, ya’ni “bola”ga ta’sir o‘tkazadi. Insonda 3 ta holat bo‘ladi: Katta odam, ota/ona, bola. “Bola” – bu reaksiyalarimiz, qo‘rquv, araz, injiqlik va sho‘xliklarimiz. Qalbimizdagi “bola” resurs holat hisoblanadi, chunki aynan u insonga quvvat bag‘ishlaydi, kreativlik va ijodga undaydi. Agar “bola” tushkunlikka tushib qolsa yoki siqilsa insonda birqancha muammolar paydo bo‘lishi mumkin. Multfilmlar tomosha qilish esa qalbimizdagi “bolajon”ni xursand qilishning eng yaxshi usulidir.
Yildan-yilga multserial hamda multfilmlar yaxshilik va yomonlikdan ham ko‘ra, ko‘proq ma’no va mazmun kasb etmoqda. Ularda turli xil ijtimoiy savollarga majoziy yo‘llar orqali javob beriladi. Yosh bolalar multfilmni o‘zlaricha tushunadi, kattalar esa chuqurroq tushunishadi: avlodlar orasidagi konfliktlar, ozodlikka tegishli mavzular, katta bo‘lishning qiyinchiliklari, ekologiya muammolari va boshqalar.

Multfilmlar faqat bolalar emas kattalar ham o‘zlashtirishlari kerak bo‘lgan hayotiy darslarga to‘ladir. Ular bizga maqsadlarimizga erishishga, kuchli bo‘lish kerakligiga, yolg‘on gapirmaslik, qanday qilib do‘st orttirish, qiyin vaziyatlarda o‘zini qanday tutish, qo‘rqmaslik va yengilmaslikni o‘rgatadi. Ba’zi multfilmlar esa ota-onalar farzandlarini tushunishiga, ular kabi fikrlashga yordam beradi.
Zamonaviy multfilmlardagi ma’no filmlardagidan kam emas. Shuning uchun ham o‘zingiz uchun tajriba orttirishingiz va shu bilan birga dam olishingizning hech qanday yomon tarafi yo‘q.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!