So‘nggi paytlarda vatandoshlarimizning xalqaro munosabatlarda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarga nisbatan qiziqishi ancha ortgan. Ayniqsa, AQSh – Xitoy “savdo urushi”, Yevropa Ittifoqi – Rossiya munosabatlaridagi ziddiyatlar va hokazo. Biroq hamma bu masalalarda turlicha qarashlarga ega.
Dunyo siyosat maydonida sodir bo‘layotgan hodisalarning barchasi, aslida, xalqaro munosabatlardagi ma’lum nazariyalarda o‘z in’ikosini topadi. Shu bois, hammamiz xalqaro munosabatlardagi ushbu siyosiy nazariyalar haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishimiz foydadan holi bo‘lmaydi.
Xo‘sh, nazariya nima?
Nazariyalar voqea-hodisalarning nega sodir bo‘lganiga oid izohlar beradi.
Voqealar uchun keng doirada va turli sabablar taqdim eta olishi bir qancha gipotezalarga ega ekanligini ko‘rsatadi. Shu tufayli jahonning siyosiy yechimini kutayotgan
muammo va masalalariga qarshi har bir nazariyaning o‘z qarashlari bor.

Nazariya – ko‘zoynak
Ole Holsti xalqaro munosabatlardagi nazariyalarni rangli ko‘zoynakka o‘xshatadi. Bir nuqtaga turli rangdagi ko‘zoynak bilan qaralganda, turlicha rangda ko‘ringani kabi turli nazariyalar bir masala ustida turli fikrlar, argumentlar berishi mumkin. Misol uchun, xalqaro munosabatlar realizm tarafdorlari uchun boshqacha ko‘rinsa, liberallar uni boshqacha ifodalaydi.
Biz ko‘rib chiqadigan nazariyalar aynan xalqaro munosabatlar fanida paydo bo‘lmagan bo‘lsa-da, bu fanda uning yetilishiga turtki bergan sabablari bor. Bu sabablar esa nazariyalarni o‘zaro taqqoslashni qiyinlashtiradi.

Har bir yo‘nalish o‘zining tarixiy va intellektual merosiga ega. Feminizm, poststrukturalizm, postkolonializmning asosiy tamoyillari so‘nggi 50-60 yil ichida olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijasida vujudga kelgan bo‘lsa, klassik realizm, liberalizm, marksizm kabi yo‘nalishlarning tarixi ancha oldingi davrga borib taqaladi.
Nazariya – ichida qurol-yarog‘i bor sumka
Nazariyalarni ushbu soha mutaxassislari ichida qurol-yarog‘i bor sumkaga o‘xshatishadi. O‘quvchi kerakli jihozni (tahr. nazariyani) olib ishlatganida jihozning farqini yanada chuqurroq anglay boshlaydi.
Klassik realizm, liberalizm (klassik liberalizm), neorealizm va neoliberalizm ana shunday nazariyalardan hisoblanadi.
Boshqa nazariyalar esa mavjud hukmron tizimni tanqid qilish va odamlarning bu tizimdan qutulishi uchun tavsiyalarni taqdim etishni olg‘a suradi. Marksizm, yashil nazariya, tanqidiy nazariya yoki postkolonializm bunga yaxshi misol bo‘la oladi.
Ko‘rib turganimizdek, nazariyalar bizga voqelikni teran tushunishimizga yordam beradigan kalit hisoblanadi. Biroq bir necha kalit bitta qulfga tushmasligini yoddan chiqarmasligimiz zarur.
Keyingi maqolalarda bu “kalit”larning har biriga alohida to‘xtalib o‘tamiz.
(Davomi bor)
Sardor Abdug‘aniyev tayyorladi
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!