Arxitektura yildan-yilga noodatiy tus olib bormoqda. Keling, kelajakka nazar solamiz va sayyoradagi taraqqiyotdan ilgarilab ketgan 7 ta bino bilan tanishamiz.
1. Kopengagenning eng muhim diqqatga sazovor joylaridan biri – “Eksperimentarium” interaktiv muzeyidir. Bu yerda yuzlab eksponatlar mavjud, ilmiy tajribalar, turli mavzulardagi ko‘rgazmalar va maxsus dasturlar, ayniqsa, ta’limga qaratilgan loyihalar namoyishi o‘tkaziladi. Bunday bino, albatta, zamon ruhiga mos bo‘lishi kerak.




2011-yilda “Eksperimentarium”ning rekonstruksiyasi uchun tenderda CEBRA arxitekturaviy byurosi g‘alaba qozondi. Binoning yangi ko‘rinishi nigohlarni jalb etishi, qiziqish uyg‘otishi va tashrif buyuruvchilarni yangi kashfiyotlarga ilhomlantirishi kerak edi. Innovatsion materiallar yordamida hammasi, aynan, shunday ko‘rinish kasb etdi, bundan tashqari yangilangan muzeyning maydoni ikki karra kattalashdi, tomda esa konferensiya va boshqa tadbirlar o‘tkaziladigan terrasa paydo bo‘ldi.
2. O‘tgan asrning 30-yillaridan Shanxaydagi bosh teatr binosi, deyarli, har o‘n yilda qayta qurilar edi. Bu safar Neri & Hu Design and Research Office kompaniyasi arxitektorlari oldiga oson bo‘lmagan vazifa qo‘yildi. Teatr nafaqat zamoviy arxitektura namunasi, balki hammaga ovoza bo‘lgan Shanxayning eng asosiy diqqatga sazovor joyi bo‘lishi kerak edi. Mutaxassislar mehnatining natijasi – binoga haybat beruvchi og‘ir tosh hamda muhitni yengilroq va dramatik qiladigan bronzaning hayratomuz va sirli kombinatsiyasi bo‘ldi. Bu yerda drama va sirlilik uchun xira yorug‘lik ham o‘z hissasini qo‘shadi. Axir, biz teatrdamiz!





3. Londondagi ushbu kam uglerodli energetik markaz shunday muvaffaqiyatli joylashtirilganki, uni Grinvich tumanining istalgan nuqtasidan ko‘rish mumkin. Gap shundaki, markaz nafaqat butun okrugni isitadi, balki quvurlarning juda noodatiy bezalgani bilan ham maqtana oladi.





Britaniyalik rassom Konrad Shoukross manzaraga putur yetkazadigan shahar arxitekturasining ushbu qismini asosiy bezakka aylantirdi. Yuzlab uchburchak panellar murakkab geometrik naqshni hosil qiladi va o‘zida, deyarli, 50 metrlik haykalni namoyon qiladi. Bundan tashqari, butun inshoot kechqurun nur taratadi!
4. Aleksis de Tokvil ommaviy kutubxonasining binosi Normandiya provinsiyasining Kan shahrida joylashgan bo‘lib, u xoch ko‘rinishiga ega – bu bejiz emas.





Har bir qanot shaharning muhim qismlaridan biriga: shimolda Ayollar abbatligi tarixiy hududiga, g‘arbdagi Erkaklar abbatligiga, janubda temiryo‘l stansiyasiga va sharqda shaharning yangi qurilish inshootlariga yo‘naltiradi.
Shuningdek, xoch shakli kutubxona tuzilishiga mantiq berdi. Har bir qanot o‘quvchilarning aniq bir qiziqishlari uchun javob beradi: gumanitar fanlar, texnik sohalar, adabiyot va san’at bo‘limlari bor. Agar ilhom olishni istab qolsangiz, binoning oynavand karkasi istalgan tomondan, sizga ajoyib manzarani taqdim etadi.
5. Bu madaniy markaz binosi Buyuk Britaniyadagi Berkshir grafligiga qarashli Slau shaharchasining jonlanishi va taraqqiyotiga tamal toshini qo‘yishi lozim. Bu yerda kutubxona, ko‘rgazmalar, konferensiyalar va boshqa tadbirlar uchun zallar, ommaviy markaz va boshqalar bor. Deyarli, 5 ming kvadrat metr hududni egallagan bino uzunligi 90 metr bo‘lib, u qayrilgan quvur shaklini eslatadi.





Inshoot ko‘rinishi ideal shaklga ega bo‘lishi uchun “bblur architecture” arxitektorlariga oson bo‘lmadi, ammo individual qoplamali tizim va murakkab oynalar tufayli biz hamma narsani kuzatishimiz mumkin.
6. Xitoydagi Szyasin okrugi oxirgi o‘n yillikda shiddatli urbanizatsiyani boshdan kechirdi. Yirik turarjoy komplekslari, savdo markazlari va ofis binolari, deyarli, bir-birga yopishib turadi, odamlar bo‘sh vaqtini o‘tkazishi mumkin bo‘lgan hududlarning ahvoli esa achinarli.





AIM Architecture arxitektorlari tomonidan ishlab chiqilgan ommaviy markaz binosi, bu muammoni hal qilishga yordam berdi. Bolalar bog‘chasi, mehmonxona, restoranlar, sportzallar va yana ko‘plab binolar joylashgan kam qavatli 8 ta bino birlashtirilgan holda qurildi. Markazda esa sokinlikdan bahramand bo‘lish va toza havodan nafas olish imkonini beruvchi maydon va bog‘ mavjud.
7. Filippin poytaxti Maniladagi ofis ishchilarining omadi kelgan. City Center Tower noodatiy aylana fasadga ega bo‘lib, dengiz to‘lqinlari harakatini eslatadi. Istalgan tomondan noodatiy ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Bino bir qator imkoniyatlarga ega. Birinchidan, markaz ishchilari chiroyli peyzajdan bahramand bo‘lolsa, ikkinchidan, bino ko‘zga tashlanib turadigan muhim arxitekturaviy urg‘uga aylangan. Uchinchidan esa, u yo‘l-yo‘lakay o‘tib ketayotib, tepaga qarashni istab qolgan piyodalarning diqqatini tortishi aniq.




O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!