Shu kunlarda Ozarbayjonning Naxichevan shahrida 16 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasida Butunjahon shaxmat olimpiadasi bo‘lib o‘tmoqda.
Dunyoning 23 ta mamlakatidan 34 ta jamoa ishtirok etayotgan nufuzli musobaqada O‘zbekistonning ikkita jamoasi g‘oliblik uchun kurash olib borayotgan bo‘lsa, Ozarbayjonning oltita, Turkiyaning uchta, Gruziyaning ikkita, Janubiy Afrika Respublikasining uchta jamoasi qatnashmoqda.
O‘tkazilgan ikki tur natijasiga ko‘ra, O‘zbekiston-1 jamoasi 1-turda Shri-Lanka jamoasini 4:0 hisobida dog‘da qoldirgan bo‘lsa, O‘zbekiston-2 jamoasi ilk bosqichda Eron jamoasiga 0,5:3,5 hisobida imkoniyatni boy berdi.
2-tur o‘yinlarida O‘zbekiston-1 – Ozarbayjon-2 uchrashuvida vakillarimiz 2,5:1,5 ko‘rinishida g‘oliblikka erishdi. O‘zbekiston-2 jamoasi esa Ozarbayjon-3 jamoasini 4:0 hisobida mag‘lub etdi.
Bugun, 4-oktyabr kuni shaxmat olimpiadasining 3-tur o‘yinlari tashkil etiladi. Unda O‘zbekiston-1 jamoasi Turkiya-1 bilan, O‘zbekiston-2 vakillari Meksika shaxmatchilari bilan ro‘baro‘ kelishadi.
O‘smirlar o‘rtasidagi Butunjahon shaxmat olimpiadasi nizomiga ko‘ra, o‘yinlar shvesarcha tizimda 9-turdan iborat bo‘lib, bahslarda ishtirok etgan eng yaxshi uchta jamoaga maxsus kuboklar topshiriladi.
Shuningdek, o‘yinlarda eng yaxshi natijalarga erishgan shaxmatchilar oltin, kumush, bronza medallari hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.
Ma’lumot uchun, bahslar 10-oktyabrgacha davom etadi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!