AQSh hukumati o‘z fuqarolarini Eron Islom Respublikasini imkon qadar tezroq tark etishga chaqirdi. Bu haqda AQShning Erondagi elchixonasi rasmiy ogohlantirish e’lon qildi.
Ma’lum qilinishicha, hozirda mamlakatda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan, ayrim yo‘llar yopilgan, jamoat transporti faoliyati cheklangan va internet tarmog‘ida uzilishlar kuzatilmoqda. Shuningdek, mobil va statsionar aloqa hamda milliy internetga kirish cheklanmoqda.
Elchixona xabariga ko‘ra, aviakompaniyalar Eronga va Erondan parvozlarni bekor qilmoqda yoki qisqartirmoqda. Shu sabab AQSh fuqarolariga internet uzilishlariga tayyor bo‘lish, muqobil aloqa vositalarini rejalashtirish hamda agar xavfsiz bo‘lsa, quruqlik orqali Armaniston yoki Turkiyaga chiqish imkoniyatini ko‘rib chiqish tavsiya etilgan.
Shuningdek, Erondan chiqib keta olmayotgan fuqarolarga vaqtincha uylarida yoki boshqa xavfsiz joylarda qolish, oziq-ovqat, suv va dori-darmon zaxirasini tayyorlash, mahalliy OAV orqali yangiliklarni kuzatib borish hamda yaqinlari bilan aloqani uzmaslik tavsiya qilingan.
Elchixona parvozlar jadvalidagi o‘zgarishlar oldindan ogohlantirilmasdan yuz berishi mumkinligini ham ta’kidlab, eng so‘nggi ma’lumotlar uchun aviakompaniyalar bilan bevosita bog‘lanishni maslahat berdi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!