Xorijga sayohat qilish uchun dunyo aholisining deyarli barchasiga shaxsini tasdiqlovchi pasport kerak. Biroq bundan uch kishi mustasno: Buyuk Britaniya qiroli Charlz III, Yaponiya imperatori Naruhito va uning rafiqasi Masako.
Britaniya monarxi pasportsiz sayohat qilish huquqini onasi — qirolicha Yelizaveta II vafotidan keyin meros qilib olgan. Qirollik oilasining rasmiy saytida ham monarxga xorijga safar qilish uchun Britaniya pasporti talab etilmasligi qayd etilgan.
Oddiy pasport o‘rniga Charlz III uchun maxsus hujjat rasmiylashtiriladi. Unda hujjat egasiga safar davomida zarur yordam va himoya ko‘rsatish so‘raladi. Qirollik oilasining boshqa a’zolari esa oddiy pasportlardan foydalanadi.
Yaponiya imperatori Naruhito va uning rafiqasi Masako ham pasportsiz sayohat qilish huquqiga ega. Asienspiegel nashrining yozishicha, Yaponiya hukumati 1971-yildayoq imperator va uning rafiqasiga pasport berishni “nihoyatda noo‘rin” deb hisoblagan. Shuningdek, ularning xorijiy davlatlarga kirishda oddiy fuqarolar kabi rasmiy tartib-taomillardan o‘tishi maqomiga mos emas, deb topilgan.
Shu sababli imperator va imperator rafiqasiga pasport o‘rniga tegishli vazirlik hujjati beriladi. Biroq Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi ularning tashrifi haqida boriladigan davlatni oldindan xabardor qilishi kerak.
Mazkur istisno imperator oilasining boshqa a’zolariga taalluqli emas. Ular xorijga diplomatik pasport bilan chiqadi.
Ma’lumot uchun: Yaponiyada imperator oilasi a’zolarining familiyasi yo‘q. Shuningdek, imperator Britaniya monarxi kabi asosan ramziy maqomga ega bo‘lib, mamlakatni boshqarishda siyosiy vakolatlarni amalga oshirmaydi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!