Gollivud yulduzlarining makiyajiga hech eʼtibor berganmisiz? Yuzi tiniq, koʻzlar charaqlaydi, lablar ham unchalik eʼtibor tortmaydi. Bularning barchasi uygʻunlashib, ulugʻvor koʻrinish hosil qiladi. Biz ularning taqdirlash marosimlaridagi makiyajlarini aytmayapmiz, eʼtibor bering. Shunchaki filmlardagi va shaxsiy hayotdagi sodda va tabiiy makiyajga erishish usulini sizlarga aytib bermoqchimiz. Siz ham 5 daqiqa ichida ulardek koʻrinishga ega boʻlishni istaysizmi? Buning yoʻli oson. Faqat yuzingiz bir kun oldin tozalangan, pardoz sumkachangiz esa tartibli boʻlsa, kifoya.
Bu makiyajning asosiy xususiyati teridagi kamchiliklarni bartaraf etib, yuz va koʻzni biroz yorqin va tiniq koʻrinishga keltirishdan iboratdir. Bunday natijaga 8 xil kosmetik vosita yordamida erishish mumkin. Ularni yuzga surtish esa sizdan 5 daqiqa vaqt oladi, xolos!
Mazkur kundalik makiyaj uchun sizga kerak boʻladi:
1. Teringiz rangiga mos BB krem
2. Koʻz osti sohasi uchun korrektor
3. Teri kamchiliklarini berkitish uchun ekvalayzer
4. Qosh uchun gel yoki qalam
5. Yogʻupa va kist
6. Vanil, shaftoli yoki pushti rangli ten
7. Qora tush
8. Lab boʻyogʻi
Ishga shoshilib turganda yuzga koʻp vaqt sarflamaslik uchun teringiz haqida bir kun oldin qaygʻuring. Uyqu oldidan uni misellyar suv bilan arting yoki gel bilan yuving.
Demak endi qadam-baqadam makiyajga kirishamiz!
Birinchi qadam: teri
BB kremdan biroz qoʻlingizga siqib chiqarib, yuzingizga surtib chiqing. Koʻp surtib yubormang. BB krem koʻpayib ketsa, yuzingiz rangi toʻqlashib ketadi. Yuz qirralariga ham alohida eʼtibor bering.
Koʻz terisi uchun konsilerning yengil, kremli konsistensiyaga egaligidan tanlang (BB formulali boʻlsa, namlantirish xususiyatiga ham ega boʻladi). Konsilerni koʻz ostiga surtib, nomsiz barmoq yostiqchasi bilan mayin nuqtali harakatlar yordamida uni teriga singdiring.
Agar terida husnbuzar yoki toshma boʻlsa, uni korrektorni quyuq surtish bilan berkitish mumkin. Antibakterial yashil rangdagi konsiler terini ideal darajada tekislaydi.
Ikkinchi qadam: koʻz
Koʻz makiyaji koʻp vaqt oladi, deb sizga kim aytdi?! Tabiiy makiyajning haqiqiy ustasi Bobbi Braun tenlarni qovoq ustiga barmoq yordamida surtishni maslahat beradi.
Koʻz uchun qanday rangdagi tenni tanlagan maʼqul? Bu teri rangiga bogʻliq. Yorqin rangli teri uchun vanil, shaftoli rangidagi, bugʻdoyrang yuzlar uchun esa pushti rangdagi tenlar mos keladi. Eng muhimi, koʻzni boʻyash orqali ularni kattaroq qilib koʻrsatish!
Mana nihoyat kipriklarga ham yetib keldik. Ularga tush surtib, ustidan dumaloq choʻtkacha bilan tarab tashlang. Shunda tushning ortiqcha boʻlakchalari tushib ketadi.
Uchinchi qadam: qoshlar
Yuzingizni tiniq qilib koʻrsatmoqchi boʻlsangiz, qoshlarga urgʻu bering. Ularni kichik choʻtkacha yordamida tarab, ochiq joylarini qalam yoki gel yordamida boʻyab chiqing.
Toʻrtinchi qadam: yanoqlar
Ertalabki makiyajda yuzni konturlash haqida unuting. Teringizga yogʻupa yordamida yorqinlik baxsh eting.
Beshinchi qadam: lablar
Lablar makiyaji uchun neytral rangdagi yaltiramaydigan lab boʻyogʻini tanlaganingiz maʼqul. U kun boʻyi turishini istasangiz, lablaringiz chetiga lab boʻyogʻiga mos qalam bilan chizib chiqing.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!