1961-yilning 12-aprel kuni Yuriy Gagarin koinotga parvoz qilgan tarixdagi birinchi odamga aylanadi. U haqida shunchalar koʻp yozilganki, bu mavzuda gap boshlay turib, biror yangi narsa haqida soʻz yuritish mushkuldek. Aslida esa insonning koinotga ilk marta parvoz qilishiga oid qiziqarli va koʻpchilik bilmaydigan maʼlumotlar talaygina.
– Dunyodagi birinchi kosmonavt Yuriy Gagarinning bir emas, ikkita dublyori boʻlgan. Bular German Titov va Grigoriy Nelyubovlar edi. Ularning har ikkisi ham SSSR kosmonavtlarining birinchi ortyadi tarkibiga kirgan boʻlsalarda Nelyubov zaxiradagi kosmonavt hisoblangan. Gagarin va Titovdan farqli ravishda u skafandr kiymagan, ammo kutilmagan vaziyat yuzaga kelgudek boʻlsa parvozni amalga oshirishga tayyor turgan.
– Gagarinning kosmosga parvozi shoshilinch ravishda tayyorlangan. SSSR razvedkasiga amerikaliklarning aprel oyi oxirlariga kosmosga kema uchirishni rejalashtirayotganlari haqidagi xabar kelib tushgan. SSSR hukumati kosmosga parvoz qiladigan ilk kosmonavtning amerikalik boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik uchun parvozni tezkor ravishda tayyorlashga kirishgan.
– Koinotga parvoz qiluvchi birinchi odam kim boʻlishi 12-aprel kuni hal qilingan. Aslida ilk parvozni Gagarin emas, uning dublyori German Titov amalga oshirishi kerak edi. Parvozga 30 daqiqa qolganda Titovga skafandrni yechishi mumkin ekanligi aytilgan.
– Gagarinning koinotga ilk parvozi haqida avvaldan uchta xabar tayyorlab qoʻyilgan. Ularning birida parvozning muvaffaqiyatli oʻtgani, ikkinchisida kosmonavt boshqa mamlakat hududi yoki okeanga qulab tushsa, uni izlashda yordam soʻrashlari haqida yozilgan. Gagarinning halok boʻlishi ehtimoli mavjud boʻlgani uchun ham parvozning fojiali yakun topishi haqida alohida xabar tayyorlangan.
– Gagarin koinotga parvoz qilgunga qadar odamning kosmosdagi ruhiy holati qanday boʻlishi haqida mutaxassislar hech narsani bilishmagan. Shuning uchun ham “Vostok” kemasi maxsus himoya tizimi bilan jihozlangan. Agar parvoz vaqtida Gagarinning ruhiy holati va xatti-harakatlarida oʻzgarish kuzatilsa, ushbu tizim ish berishi kerak boʻlgan.
“Men yonyapman, alvido, doʻstlar!”
“Vostok-1” kemasi 108 daqiqa davom etgan parvozni yakunlab, pastga tusha boshlaganda Yuriy Gagarin shunday deydi: “Men yonyapman, alvido, doʻstlar!”. Ushbu jumla uzoq vaqt davomida boshqalardan sir tutilgan.
Gap shundaki, 1961-yilning 12-aprel sanasiga qadar kosmik kemalar Yerga qaytayotgan vaqtda atmosferaning zich qatlamlari orasidan oʻtish jarayonida nimalar sodir boʻlishini hech kim bilmagan. Illyuminator orqali olovni koʻrgan Gagarin kosmik kema yonyapti degan fikrga kelgan va bir necha soniyalardan keyin hayot bilan vidolashishini taxmin qilgan. Bugungi kunda esa kosmosga parvoz qiluvchi har bir kosmonavt olovli shou tomoshasiga tayyor turishi kerakligini yaxshi biladi.
Qirolicha bilan tushlik
1961-yilning iyul oyida Gagarin Angliyaga tashrif buyurib, mamlakat bosh vaziri Garold Makmillian va qirolicha Yelizaveta II bilan uchrashadi.
Oʻsha vaqtlarda Britaniya qirollik oilasi vakillarining oddiy odamlar bilan suratga tushishlari mumkin boʻlmagan. Qirolicha Yelizaveta II ushbu vaziyatni ustomonlik bilan hal qilgan. U atrofdagi odamlarga Gagarin endi Yerning emas, samo odami ekanligi, shu boisdan u bilan suratga tushish orqali hech qanday qoida buzilmasligi aytgan. Ularning birgalikda tushgan suratlari haligacha topilmagan. Ushbu tarixiy suratning qirollik arxivida saqlanishi taxmin qilinadi.
– SSSR hukumati qahramonga aylangan Gagarinning uzoq vaqt mobaynida qayta parvoz qilishiga yoʻl qoʻymagan. Bu uni baxtsiz hodisalardan asrash maqsadida amalga oshirilgan edi. Ammo, 1968-yilda kosmonavt sinov parvozi vaqtida fojiali tarzda halok boʻlgan. Bu vaqtda Gagarin 34 yoshda, rafiqasi Valentina Gagarina esa 33 yoshda edi. Gagarinning bevasi turmush oʻrtogʻining vafotidan keyin boshqa oila qurmagan, butun umrini ikki farzandining tarbiyasi uchun bagʻishlagan.
– Valentina Gagarina 1981-yilda doʻstlari va oila aʼzolarining fikrini inobatga olib, “108 daqiqa va butun umr” deb nomlangan kitob yozgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!