Filippin orollari 1521-yilning 17-mart kuni dengizchi Fernan Magellan tomonidan kashf etildi.
Kashf etilish tarixi
1521-yilning 17-mart kun ispan dengizchilaridan iborat boʻlgan va birinchi marta dunyo boʻylab sayohatni amalga oshirayotgan ekspeditsiya aʼzolari Xomonxom oroliga yetib keldilar. Magellan va uning safdoshlari sayohat davomida xastalanganlar va jarohat olganlar uchun vaqtinchalik kasalxona tashkil qilishdi, oziq-ovqat chuchuk suv zaziralarini toʻldirib olishdi. Shundan keyin arxipelag orollari oʻrtasidagi safarlarini davom ettirish uchun yoʻlga chiqdilar.
Afsuski, ushbu sayohat Fernan Magellan uchun fojiali yakun topdi. Sayohatchi 27-aprel kuni Maktan orolida tub aholi vakillari bilan jang vaqtida halok boʻldi.
Magellan oʻlimidan oldin ushbu arxipelagga Sent-Lazar deb nom beradi. 1542-yili uning nomi oʻsha vaqtlarda Ispaniyada hukmronlik qilgan qirol Filipp II sharafiga Fillippin deb oʻzgartiriladi.
Filippin arxipelagi 7640 ta oroldan iborat. Ularning hududida 100 milliondan ortiq odam hayot kechiradi.
Fernan Magellanning qabri Maktan oroliga joylashgan va bu yerga dunyoning turli burchaklaridan kelgan sayyohlar tashrif buyurishlari mumkin. Uning yonginasidan Fernan Magellanni oʻldirgan mahalliy qabila sardori – Lapu Lapuning haykali ham joy olgan. Uni Filippin orollarining mustaqilligi uchun kurashgan tarixdagi birinchi qahramon deb hisoblashadi.
Flora va fauna
Filippin orollari oʻsimliklar, jonivorlar olami, tabiati va betakror manzaralari bilan sayyohlarni oʻziga jalb qilib turadi. Dunyoda orhideya gullarining 1000 ta turi mavjud boʻlsa, ularning 800 xili shu yerda oʻsadi.
Filippinliklarning aksariyat qismi ingliz tilida muloqot qiladilar. Bu ham sayyohlarni oʻziga jalb qiladi. Filippin – ingliz tilida soʻzlashuvchi eng yirik mamlakatlar qatorida AQSh va Buyuk Britaniyadan keyingi uchinchi oʻrinda turadi. U mamlakatda ikkinchi davlat tili sifatida tan olingan.
Filippin bayrogʻi – dunyoda yagona!
Filippin bayrogʻi ranglarining oʻrni almashishi mumkin boʻlgan dunyodagi yagona bayroq hisoblanadi. Ularning rangi mamlakatda qanday vaziyat hukm surayotganiga qarab oʻzgarishi mumkin. Bayroqning yuqori qismidagi moviy rang adolat va haqiqatning timsolidir. Agar mamlakat rasmiy ravishda urushlarda ishtirok etadigan boʻlsa, bayroqning yuqori qismidan qizil rang joy oladi. Qizil rang – vatanparvarlik va qahramonlikka urgʻu beradi.
Mamlakatda ajrashish taqiqlangan
Mamlakatda ajrashish va abort qilish qonun bilan taqiqlangan, shuning uchun ham filippinliklarning aksariyati serfarzand odamlar. Mahalliy aholi vakillari oʻz ota-onalari va opa-ukalariga doimiy ravishda moliyaviy yordam berib turishni burchlari deb bilishadi.
Dunyodagi eng uzun yer osti daryosi shu yerda
Filippinning Palavan oroli hududidan “Puerto Prinsesa” daryosi oqib oʻtadi, u 50 kilometrli chuqurlikda joylashgan. Noodatiy daryo 1999-yilda YUNESKOning Butunjahon meroslari roʻyxatiga kiritilgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!