O‘zbekistonga 21 tonna qalbaki dorilarni olib kirishga urinish fosh etildi
Mazkur dori vositalarining umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 7,3 mlrd so‘mdan oshadi.
«Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining «Aviayuklar» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida Xitoydan keltirilgan 21 tonnadan ziyod og‘irlikdagi «Efba» osma dori vositasini bojxona ko‘rigidan o‘tkazish davomida jiddiy qonun buzilishi aniqlandi.
Bojxona yuk deklaratsiyasida ushbu dori vositasi Hindistonda ishlab chiqarilgani ko‘rsatilgan. Ammo ko‘rik davomida uning qadog‘i va yorliqlarida ishlab chiqaruvchi davlat va korxona nomi umuman aks ettirilmaganligi aniqlandi.
Mazkur dori vositasini O‘zbekistonga import qilishda Sog‘liqni saqlash vazirligi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining muvofiqlik sertifikati talab etiladi.
Yuk egalari sertifikat olishda namuna sifatida «Efba» dori vositasining Hindistonda ishlab chiqarilgan asl nusxasini taqdim etishgan va kontrafakt dori vositasini shu sertifikat bilan olib kirishni rejalashtirishgan.
«Efba» infuzion eritmasi tarkibidagi asosiy modda levofloksatsin bo‘lib, u kuchli ftorxinolon guruhiga mansub antibiotik hisoblanadi. Uning qalbakilashtirilishi juda xavfli oqibatlarga olib keladi.
Vaqtincha saqlovga olingan mazkur dori vositalarining umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 7,3 mlrd so‘mdan oshadi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!