Wildberries omborlariga dron hujumlari o‘zbekistonlik sotuvchilarga ham zarar yetkazayotgani aytilmoqda
Rossiyaning Wildberries kompaniyasi asoschisi Tatyana Kim Yekaterinburgdagi logistika markaziga Ukraina tomonidan 200 dan ortiq dron hujumi uyushtirilganini ma’lum qildi. Biroq Rossiya rasmiylari va Mudofaa vazirligi bu hududda bunday ko‘lamdagi hujum yuz bergani haqida axborot bermagan.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, logistika markazlariga uyushtirilayotgan hujumlar nafaqat rossiyalik, balki O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Belarus, Qozog‘iston, Armaniston va Xitoydagi o‘n minglab sotuvchilarga ham milliardlab zarar yetkazmoqda. So‘nggi vaqtlarda Moskva viloyati, Leningrad, Tambov, Volgograd, Krasnodar va boshqa hududlardagi omborlar ham zarbalarga uchragani aytilgan.
Xususan, 25-iyul kuni Yekaterinburgdagi logistika markazi bo‘yicha kompaniya va Rossiya rasmiylari bergan ma’lumotlar bir-biriga mos kelmadi.
Wildberries bayonotida omborga 200 dan ortiq samolyot turidagi dron hujum qilgani, natijada avtoturargohdagi avtomobillar yonib ketgani qayd etilgan. Kompaniya bu holatni fors-major deb baholab, sotuvchilarga yetkazilgan zararni to‘liq qoplash majburiyati yo‘qligini, biroq qo‘llab-quvvatlovchi to‘lovlar amalga oshirilayotganini bildirgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi va Sverdlovsk viloyati rasmiylari esa faqat bitta dron urib tushirilgani, uning parchalari tushishi oqibatida 300 kvadrat metr maydonda yong‘in yuzaga kelganini ma’lum qilgan. Vazirlikning o‘sha kungi hisobotlarida Sverdlovsk viloyati umuman tilga olinmagan.
Agar Wildberries keltirgan raqamlar tasdiqlansa, o‘sha kuni Rossiya bo‘ylab uchirilgan dronlarning deyarli yarmi aynan ushbu logistika markaziga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Hozircha kompaniya tilga olgan 200 dan ortiq dron haqidagi ma’lumot rasman tasdiqlanmagan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!