Avstraliyada 150 yil avval olingan kitob kutubxonaga qaytarildi
Avstraliyada taxminan 150 yil avval o‘qish uchun olingan kitob kutubxonaga qaytarildi. Bu haqda Associated Press xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 1858-yilda nashr etilgan “Afina qadimiy buyumlari” nomli kitobni bir erkak uyini ta’mirlash vaqtida topib olgan va uni Kiama shahridagi kutubxonaga topshirgan.
Kutubxona rahbari Mishel Hadsonning aytishicha, bu muassasaga shu paytgacha hech qachon buncha eski kitob qaytarilmagan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, agar eski qoidalar amal qilganida, kitobni kechiktirib topshirganlik uchun taxminan 28 ming Avstraliya dollari miqdorida jarima yig‘ilgan bo‘lardi. Jarima kitob muqovasining ichki qismida ko‘rsatilgan haftasiga 3 pens tarif asosida hisoblangan.
Kutubxona xodimlari kitobni kim olganini aniqlay olmagan. Chunki 1870-yillarga oid kitob berish jurnallari saqlanib qolmagan. Taxminlarga ko‘ra, kitob 1872-yilda kutubxona ochilganidan ko‘p o‘tmay yo‘qolgan.
O‘sha davr qoidalariga ko‘ra, mast holdagi tashrif buyuruvchilarga kitob berilmagan. Shuningdek, bir oilaga beriladigan kitoblar soni oiladagi savodli a’zolar soniga qarab belgilangan.
Yillar davomida saqlangan kitob namlik sabab qisman shikastlangan. Shu bois u endi o‘quvchilarga berilmaydi.
“Uning qaytishini yana 150 yil kutishni istamaymiz”, — deya hazillashdi kutubxona rahbari Mishel Hadson.
Qadimiy kitob endilikda kutubxonaning mahalliy tarixiy kolleksiyasi tarkibida saqlanadi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!