Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi issiqxonalar bosqichma-bosqich Surxondaryo viloyatidagi “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasiga ko‘chiriladi. Ushbu jarayon mamlakatda issiqxona xo‘jaliklarini markazlashgan tizimga o‘tkazish va ishlab chiqarishni yagona agrohududda jamlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning tegishli qarorida Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilishi belgilangan.
Yangi zona 30 yil muddatga faoliyat yuritishi belgilangan bo‘lib, zaruratga ko‘ra muddat uzaytirilishi mumkin. Loyihaning asosiy yo‘nalishi zamonaviy issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish va yil davomida barqaror oziq-ovqat ta’minotini ta’minlashdan iborat.
Hududda kamida 940 gektar maydonda issiqxona majmualari barpo etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, energiya tejamkor texnologiyalar joriy etilib, muqobil energiya ulushini kamida 50 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Tadbirkorlar uchun qator imtiyozlar nazarda tutilgan yer uchastkalari 5 yilgacha nol stavkada ijaraga beriladi, suv resurslaridan foydalanish uchun 3 yil davomida to‘lov undirilmaydi. Bundan tashqari, soliq va bojxona imtiyozlari ham taqdim etiladi.
Dastlabki bosqich uchun davlat byudjetidan 5 milliard so‘m ajratilishi belgilangan, asosiy investitsiyalar esa xususiy sektor va xalqaro moliyaviy institutlar hisobidan jalb etiladi.
Bundan tashqari, eksport salohiyatini oshirish uchun “yashil yo‘lak” tizimi joriy etilishi hamda Niderlandiyaning World Horti Center bilan hamkorlikda zamonaviy issiqxona texnologiyalari tatbiq etilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!