Islomobodda AQSh va Eron o‘rtasida 21 soat davom etgan muzokaralar kelishuvsiz yakunlandi. Jey Di Vens boshchiligidagi AQSh delegatsiyasi uchrashuvdan so‘ng Pokistonni tark etdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Tomonlar o‘rtasidagi asosiy kelishmovchilik Eronning yadro dasturi bilan bog‘liq bo‘lib qolmoqda. AQShTehrondan yadro quroli ishlab chiqarmaslik bo‘yicha aniq majburiyat olishga harakat qilgan, biroq Eron bu talablarni qabul qilmagan.
Muzokaralar yakunida jurnalistlarga izoh bergan Vens, kelishuvga erishilmaganini tasdiqlab, bu holat, uning fikricha, ko‘proq Eron manfaatlariga zid ekanini ta’kidladi. Shuningdek, u AQSh o‘z “qizil chiziqlari”ni aniq belgilab olganini qo‘shimcha qildi.
Eronning Tasnim agentligi esa, aksincha, muzokaralarning muvaffaqiyatsiz yakunlanishiga AQShning “haddan tashqari talablari” sabab bo‘lganini bildirdi. Shu bilan birga, Eron tomoni muzokaralar to‘liq to‘xtatilmaganini, texnik darajada muloqotlar davom etishini ma’lum qilgan.
Mazkur uchrashuv so‘nggi o‘n yilliklarda ikki davlat o‘rtasidagi eng yuqori darajadagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralardan biri bo‘ldi. Xususan, bu 1979-yildagi Eron Islom inqilobi dan buyon kuzatilgan kam sonli yuqori darajadagi uchrashuvlar qatoriga kiradi.
Muzokaralar fonida Hormuz bo‘g‘ozi masalasi ham dolzarbligicha qolmoqda. Ushbu hudud global energiya ta’minotida muhim o‘rin tutadi va tomonlar o‘rtasidagi asosiy bahsli nuqtalardan biri hisoblanadi.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, muzokaralarning natijasiz yakunlanishi mintaqadagi keskinlikni kuchaytirishi va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha mo‘rt kelishuvga xavf tug‘dirishi mumkin.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!