O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik hamda ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv boshida davlatimiz rahbari Qozog‘iston Prezidentini yangi Konstitutsiya bo‘yicha referendum muvaffaqiyatli o‘tgani bilan tabrikladi.
Tomonlar hududlarda muntazam o‘tkazilayotgan norasmiy uchrashuvlar yaxshi an’anaga aylanganini, bu esa ikki tomonlama va mintaqaviy masalalarni ochiq va konstruktiv muhokama qilishga xizmat qilayotganini ta’kidladi. O‘tgan yil noyabr oyida Qozog‘iston Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning amaliy natijalari ijobiy baholandi. Bugungi kunda hukumatlararo va parlamentlararo aloqalar sezilarli darajada faollashgan.
Savdo-iqtisodiy hamkorlik ham o‘sishda davom etmoqda: o‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi 5 milliard dollarga yetdi. Avtomobilsozlik, logistika, infratuzilma, elektrotexnika va qurilish materiallari yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.Shuningdek, kimyo, geologiya, energetika va avtomobil sanoati uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarish kabi sohalarda yangi tashabbuslar muhokama qilindi.
Transport va logistika masalalariga alohida e’tibor qaratilib, chegaraoldi infratuzilmasini modernizatsiya qilish, to‘siqlarni bartaraf etish hamda tashqi bozorlarga chiqishni ta’minlaydigan samarali transport yo‘laklarini yaratish zarurligi qayd etildi.
Tomonlar yirik mintaqaviy loyihalar, jumladan, “Qambarota” gidroelektr stansiyasi qurilishini jadallashtirish hamda “yashil” energiya eksporti bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surishni ham muhokama qildi.
Bundan tashqari, suv resurslaridan oqilona foydalanish, ekologik tashabbuslarni rivojlantirish va chegara hududlarda “Toza havo” loyihalarini amalga oshirish masalalari ham kun tartibida bo‘ldi.
Yetakchilar yuqori texnologiyalar, kosmik soha, raqamlashtirish, elektron tijorat va startaplarni qo‘llab-quvvatlash borasida hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish, jumladan, madaniyat kunlari, yoshlar forumlari va turizm sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro savdo hajmini yaqin yillarda 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha aniq choralarni ko‘rib chiqdi. Hukumatlarga esa erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish uchun “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish topshirildi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!