Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Bojxona idoralari xodimlari hamkorligida, Bekobod shahrida joylashgan “Farhod” chegara bojxona posti orqali valyuta qimmatliklarini Tojikiston Respublikasiga noqonuniy olib chiqib ketilishining oldini olish maqsadida tezkor tadbir o‘tkazildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.
Jumladan, Bekobod shahrida yashovchi, 1991-yilda tug‘ilgan shaxs 18 680 300 Rossiya rubli, 140 700 tojik somoni va 180 000 000 o‘zbek so‘mini qo‘shni davlatga noqonuniy olib chiqish maqsadida, ularni qismlarga ajratgan holda, tashmachi vazifasini bajaruvchi 34 nafar fuqaroga bo‘lib beradi.
O‘z navbatida, mazkur fuqarolar moddiy manfaatdorlik evaziga ushbu pul mablag‘larini Tojikistonga o‘tkazib berish uchun “Farhod” chegara bojxona postiga kirib kelgan vaqtlarida to‘xtatib qolinib, holat tegishli tartibda rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, tezkor tadbir vaqtida chegara bojxona posti yaqinida bo‘lgan bekobodlik shaxsning Tracker rusumli avtotransport vositasi ko‘zdan kechirilganda, unda ham Tojikiston Respublikasiga olib o‘tishga mo‘ljallab, o‘ramlarga ajratib qo‘yilgan, jami 13 538 305 Rossiya rubli, 24 107 tojik somoni, 885 yevro, 300 AQSh dollari, 300 xitoy yuani, 6840 qirg‘iz somi hamda 10 207 000 o‘zbek so‘mi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan.
Tezkor tadbir davomida olingan pul mablag‘larining milliy valyutadagi umumiy qiymati 5 mlrd 200 mln so‘mdan ortiqni tashkil etadi.
Hozirda bekobodlik fuqaroga nisbatan Jinoyat Kodeksining 182-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
“Tergov harakatlari davomida valyuta qimmatliklarining haqiqiy egalarini aniqlash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilmoqda”, – deyiladi xabarda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!