“Vatan tayanchi” otryadi a’zolariga hamda ayrim harbiy-sport musobaqalari g‘oliblariga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tavsiyanoma berish tartibi tasdiqlandi. Tegishli nizom Adliya vazirligi tomonidan 26 avgust kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Tavsiyanoma quyidagi shaxslarga beriladi:
“Vatan tayanchi” harakatida faol ishtirok etgan va umumiy o‘rta ta’lim maktablari, Prezident, ijod, sport va ixtisoslashtirilgan maktablar, maktab-internatlar, akademik litsey hamda texnikumlarni a’lo baholarga tamomlagan har bir “Vatan tayanchi” otryadidan bir nafar a’zoga;
“Jasorat maktabi”ni a’lo baholar bilan tamomlagan har bir “Vatan tayanchi” otryadidan bir nafar a’zoga;
“Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalarining respublika bosqichida birinchi o‘rinni egallagan jamoa a’zolariga;
mahalla yoshlari o‘rtasida o‘tkaziladigan “Shijoat va g‘ayrat” musobaqalarining respublika bosqichida birinchi o‘rinni egallagan jamoa a’zolariga.
Tavsiyanoma Mudofaa vazirligi huzuridagi “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati tomonidan beriladi.
Tavsiyanomaga ega bo‘lganlarga oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari, shuningdek, yuridik ta’lim muassasalariga kirishda test sinovlari yoki yakka tartibdagi yakuniy suhbatda to‘plagan ballarining 5 foizi miqdorida qo‘shimcha ball beriladi.
Tavsiyanoma 3 yil davomida amal qiladi.
Mazkur tartib Prezidentning 2022-yil 2-martdagi “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi hamda 2024-yil 15-noyabrdagi “O‘quvchi-yoshlarni chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlariga muvofiq tasdiqlangan.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 2025-yil fevral oyida yoshlar bilan uchrashuvda “Vatan tayanchi” hamda “Shijoat va g‘ayrat” musobaqalari g‘oliblariga harbiy oliygohlarga kirishda tavsiya berilishini ta’kidlagan edi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!