Toshkentda xotinini muntazam kaltaklab kelganlikda gumonlanayotgan yunon-rum kurashi murabbiyi va sport ustasiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmatiga tayanib, “Nemolchi.uz” loyihasi xabar berdi.
Jabrlanuvchi ayolning aytishicha, eri uni uzoq vaqt davomida kaltaklab kelgan. Shuningdek, erkak oilani moddiy jihatdan ta’minlamagani sababli ayol ikki nafar voyaga yetmagan farzandi, jumladan, bir yoshli bolasi bilan yashash xarajatlarini qoplash uchun muntazam ravishda kredit olishga majbur bo‘lgan.
Holat jamoatchilik orasida muhokamalarga sabab bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlardagi postlar ostidagi izohlarda murabbiyning do‘stlari va qarindoshlari uni himoya qilib, bunday zo‘ravonlikka qodir emasligini bildirgan.
“Nemolchi.uz” ma’lumotiga ko‘ra, ayrim shaxslar jabrlanuvchiga qo‘ng‘iroq qilib, arizasini qaytarib olishi uchun bosim o‘tkazgan. Loyiha vakillari esa bu holatni qoralagan.
Ayni paytda jabrlanuvchi ayolga himoya orderi berilgan. Shuningdek, uning tan jarohatlari yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilgan.
Gumonlanuvchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi 3-qismi — oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda ish doirasida tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!