27-avgust kuni ertalab noma’lum shaxslar Ispaniyaning Vilena shahridagi MUVI muzeyiga bostirib kirib, 3 ming yildan ortiq tarixga ega “Vilena xazinalari”ning katta qismini o‘g‘irladi. Bu haqda “El País” xabar berdi.
Qayd etilishicha, o‘g‘rilikdan avval chalg‘ituvchi harakat amalga oshirilgan. Ertalab soat 05:16 atrofida mahalliy sport markazida signalizatsiya ishga tushgan. Xavfsizlik xodimlari u yerga yo‘l olganidan to‘rt daqiqa o‘tib, soat 05:20 da muzeydagi signalizatsiya ham ishga tushgan. Politsiya yana to‘rt daqiqadan so‘ng voqea joyiga yetib kelganida, muzey binosi bo‘shab qolgani va qimmatbaho buyumlar o‘g‘irlanganini aniqlagan.
O‘g‘rilar dastlab muzeyning asosiy kirish qismidan kirishga uringan. Biroq barcha zarur himoya tizimlari va o‘q o‘tmaydigan oynalar bilan jihozlangan yon oynalarni sindirib, binoga kirgan.
Hozircha jinoyatda gumon qilinayotgan shaxslar aniqlanmagan. Kuzatuv kameralari faqat ikkita avtomobilda bo‘lgan bir guruh odamlarni qayd etgan.
Vilena meri Fulxensio Serdan o‘g‘rilar “xazinaning katta qismini” olib ketganini tasdiqladi.
“Vilena xazinalari”ning umumiy vazni qariyb 10 kilogrammni tashkil etadi. To‘plamdan oltin va kumush taqinchoqlar, oltindan yasalgan kosalar va idishlar, podshoh hassasining parchalari hamda boshqa tarixiy buyumlar o‘rin olgan. Ularning umumiy qiymati 1,5 million yevrodan ortiq deb baholanmoqda. Qora bozorda esa xazinaning qiymati bundan bir necha baravar yuqori bo‘lishi mumkin.
Aholisi qariyb 35 ming kishini tashkil etuvchi Vilena shahri uchun mazkur o‘g‘rilik katta yo‘qotish bo‘ldi.
“Ular bizni barbod qilishdi. Bu merosimizning, boyligimizning bir qismi edi. Xazinalar shahrimiz faxri edi”, — dedi Vilena meri.
Ma’lumot uchun, “Vilena xazinalari” miloddan avvalgi 1250-yillarga oid bo‘lib, yoshi 3 ming yildan oshadi. Ular 1963 yilda tasodifan topilgan va Pireney yarim orolidagi bronza davriga oid eng muhim oltin buyumlar to‘plamlaridan biri hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shotlandiya sohillari yaqinida qariyb 400 yil avval cho‘kib ketgan qirollik kemasi — “Blessing of Burntisland” qoldiqlari topilgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Mutaxassislar kema bortida bugungi qiymatda 20 million funt sterlingga teng boylik bo‘lganini taxmin qilmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!