Pokiston poytaxti Islomoboddagi davlat shifoxonasida yuz bergan yong‘in oqibatida kamida 14 nafar yangi tug‘ilgan chaqaloq halok bo‘ldi. Bu haqda Reuters mahalliy OAV xabarlariga tayanib ma’lum qildi.
Hodisa 26-avgust kuni soat 07:00 atrofida Pakistan Institute of Medical Sciences (PIMS) shifoxonasining ona va bola salomatligi bo‘limida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in konditsioner tizimidagi nosozlik sabab kelib chiqqan.
Yong‘in vaqtida bo‘limda 16 nafar chaqaloq bo‘lgan. Ulardan faqat biri qutqarilgan. Mahalliy Geo TV telekanali esa qurbonlar soni 15 nafarga yetganini xabar qilgan.
Hodisa joyi o‘rab olingan, shifoxona oldida tez yordam mashinalari to‘plangan. Ayrim ota-onalar shifoxonadagi yong‘in xavfsizligi choralaridan norozilik bildirib, adolat talab qilgan.
Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif voqea yuzasidan zudlik bilan tergov o‘tkazishni buyurdi. U yong‘in uchun mas’ul shaxslarni aniqlash va ularga nisbatan tegishli choralar ko‘rishni topshirgan.
Hozircha shifoxona ma’muriyati yoki tegishli idoralar tomonidan qurbonlar soni bo‘yicha qo‘shimcha rasmiy ma’lumot berilmagan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!