Yaponiyadan 2 nafar O‘zbekiston fuqarosi deportatsiya qilindi
Yaponiya Immigratsiya xizmati agentligi mamlakatda noqonuniy bo‘lib turgan 2 nafar O‘zbekiston fuqarosini deportatsiya qildi. Bu haqda Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, har ikki fuqaro Yaponiyaga qisqa muddatli viza bilan kirgan. Biroq viza muddati tugaganidan keyin ham mamlakatda noqonuniy qolgan va keyinchalik huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qo‘lga olingan.
Elchixona ma’lumotiga ko‘ra, Yaponiyada noqonuniy bo‘lish yoki noqonuniy mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish aniqlansa, qoidabuzarlarga nisbatan qat’iy choralar qo‘llanadi. Jumladan, ular politsiya tomonidan qo‘lga olinishi, immigratsiya markaziga joylashtirilishi hamda deportatsiya qilinishi mumkin.
Shuningdek, Yaponiya hukumati qoidabuzarlarga oid ma’lumotlarni O‘zbekistonning tegishli organlariga taqdim etishi sababli, fuqarolar vataniga qaytgach ham qonunchilik doirasida tegishli choralar ko‘rilishi ehtimoli mavjud.
Elchixona fuqarolarni ehtiyotkor bo‘lishga chaqirib, “Yaponiyada bemalol ishlash mumkin” mazmunidagi asossiz takliflarga ishonmaslikni tavsiya qildi.
Bundan tashqari, qochqinlik maqomini olish uchun ariza topshirish Yaponiyada uzoq muddat qolish yoki ishlash imkonini beradi, degan qarash noto‘g‘ri ekani ta’kidlandi. Agar bunday ariza rad etilsa, shaxs immigratsiya markaziga joylashtirilishi yoki deportatsiya qilinishi mumkin. Shuningdek, qochqinlik maqomini olish jarayonida yolg‘on ma’lumot taqdim etish yoki noqonuniy usullardan foydalanish jiddiy huquqiy oqibatlarga olib kelishi qayd etildi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!